Sinergiya raqamli kasblar texnikumida Press-tur va matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
2025-11-21 17:10:00 / Yangiliklar

Tadbirda Rossiya Federatsiyasi Sinergiya universitetining mintaqaviy rivojlantirish bo‘yicha prorektori Mixail Yerofeyev, Mintaqaviy texnikumlar loyihasini rivojlantirish bo‘yicha direktori Aleksandr Teteryuk va Sinergiya korporatsiyasi prezidentining O‘zbekiston bo‘yicha maslahatchisi Baxtiyor Axunbabayev hamda ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdilar.
Sinergiya xalqaro ta’lim markazida yoshlar zamonaviy IT yo‘nalishlarida — dasturlash, axborot xavfsizligi, sun’iy intellekt, tarmoq administratorligi kabi sohalarda yuqori malakali mutaxassislardan bilim olmoqda. Sinergiya xalqaro ta’lim markazida 360 dan ortiq o‘quvchi va talabalar tahsil olmoqdalar.
Shuningdek, tadbir doirasida texnikum qoshidagi IT laboratoriya tomonidan tayyorlangan dasturiy mahsulotlar Belarussiya va Qozog‘istonga 250 ming AQSH dollari miqdorida eksport qilingani ma’lum qilindi. Bu texnikumning amaliy o‘quv uslublari samarasi sifatida e’tirof etildi.
Sinergiya xalqaro ta’lim markazida Motion Design, grafik dizayn, AI Neyro-mahorat, veb-dizayn, Python, robototexnika kabi dolzarb kurslar tashkil etilgan. Ayni vaqtda xotin-qizlar uchun “IT WOMEN” innovatsion loyihasi amalga oshirilmoqda.
Kelgusida Sinergiya Toshkent, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida filial ochishni rejalashtirgan. Shuningdek, 11-sinf bitiruvchilari bilan birga 9-sinfni tugatgan yoshlarni qabul qilishni ham ko‘zda tutilgan.
Tadbir davomida jurnalist va blogerlar texnikumdagi ta’lim jarayonlari bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan atroflicha javoblar oldilar.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati









