PRESS-RELIZ: Qirg‘iz Respublikasida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” bo‘lib o‘tadi
2026-07-25 20:05:00 / Press-relizlar
2026-yilning 26–29-iyul kunlari Qirg‘iz Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tadbirlari tashkil etilmoqda.
Mazkur yirik madaniy-gumanitar loyiha O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikalari o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, qardosh xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish, o‘zbek xalqining boy madaniy merosi, milliy san’ati va zamonaviy ijod namunalarini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasida madaniyat sohasidagi hamkorlik 1994-yil 16-yanvarda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qirg‘iz Respublikasi Hukumati o‘rtasida fan, ta’lim, turizm va sport sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim asosida izchil rivojlanib kelmoqda.
So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, 2022–2026-yillar davomida O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikalari ijodiy jamoalari o‘rtasidagi o‘zaro tashriflar sezilarli darajada faollashdi. Mazkur davrda O‘zbekiston badiiy jamoalarining Qirg‘iz Respublikasiga 28 ta, Qirg‘iz ijodiy jamoalarining O‘zbekistonga esa 22 ta tashrifi amalga oshirildi.
Qirg‘iz vakillari O‘zbekistonda o‘tkazilgan “Lazgi” xalqaro raqs festivali, Xalqaro maqom san’ati anjumani, Xalqaro baxshichilik san’ati festivali hamda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali kabi nufuzli madaniy tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda. O‘zbekiston vakillari ham Qirg‘iz Respublikasida tashkil etilgan xalqaro festival va madaniy forumlarda muntazam qatnashmoqda.
Ikki davlat hududida muntazam ravishda madaniyat kunlari, kino festivallari, ijodiy uchrashuvlar va konsert dasturlari tashkil etilib, madaniy almashinuvni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Xususan, 2024-yilda Toshkent va Buxoro shaharlarida “Qirg‘iz Respublikasi madaniyati kunlari” muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Shu yili Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga o‘zbek-qirg‘iz madaniy aloqalarini rivojlantirish va qardosh xalqlar do‘stligini mustahkamlashdagi munosib hissasi uchun “Qirg‘iz Respublikasining xalq artisti” faxriy unvoni topshirildi.
2025–2026-yillarda ham ikki davlat o‘rtasidagi madaniy hamkorlik izchil davom ettirilib, Xiva shahrida o‘tkazilgan IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivali, “Lazgi” xalqaro raqs festivali, Namangan shahrida o‘tkazilgan III Xalqaro maqom san’ati anjumani hamda Andijon shahridagi xalqaro madaniy tadbirlarda Qirg‘iz Respublikasi delegatsiyasi faol ishtirok etdi.
“O‘zbekiston madaniyati kunlari” dasturi doirasida 2026-yil 27-iyul kuni Issiqko‘l viloyatining Cho‘lponota shahridagi “Rux Ordo” madaniy majmuasida tadbirning tantanali ochilish marosimi hamda gala-konsert bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, 28-iyul kuni “Dordoi Nomad” majmuasida O‘zbekiston san’at ustalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etiladi.
Madaniyat kunlarida O‘zbekiston xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Farrux Zokirov, Kamoliddin O‘rinboyev, Zulayxo Boyxonova, Furqat Ashuraliyev, Elmurod Ahmedov, Aygul Nadirova, shuningdek, taniqli estrada xonandalari ishtirok etadi.
Shuningdek, O‘zbekiston davlat simfonik orkestri, “Tumor” davlat raqs ansambli hamda “Navbahor” raqs ansambli o‘zining yuksak mahoratga ega chiqishlari bilan tadbirga yanada fayz bag‘ishlaydi.
“O‘zbekiston madaniyati kunlari” ikki qardosh xalqning umumiy tarixiy-madaniy merosini keng targ‘ib etish, ijodiy hamkorlikni mustahkamlash, madaniy diplomatiyani rivojlantirish hamda O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikalari o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikalari o‘rtasidagi madaniy hamkorlik MDH, TURKSOY, UNESCO, ICESCO va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida ham izchil rivojlanib, mintaqada madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikalari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik doirasida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tadbirlarini bosqichma-bosqich davom ettirish rejalashtirilgan.
Joriy yilning 26–29-iyul kunlari Issiqko‘l viloyatida bo‘lib o‘tadigan tadbirlardan so‘ng, loyiha kuz mavsumida Qirg‘iz Respublikasi poytaxti Bishkek shahrida ham davom ettirilishi rejalashtirilgan.
Jumladan, Bishkek shahridagi Ala-Too maydonida “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ning tantanali ochilish marosimiga bag‘ishlangan gala-konsert hamda o‘zbek estrada san’ati namoyandalari ishtirokidagi konsert dasturi tashkil etiladi.
Shuningdek, “Broadway” kinoteatrida “O‘zbek kinosi kunlari”ning ochilish marosimi va o‘zbek kinosining sara namunalaridan iborat film namoyishlari o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, Qirg‘iz milliy opera va balet teatrida O‘zbekiston teatr jamoalarining sahna asarlari namoyish etiladi, To‘qto‘g‘ul Satilg‘anov nomidagi Qirg‘iz Milliy filarmoniyasida esa “O‘zbek musiqiy merosi: Maqom kechasi” konsert dasturi tashkil etiladi.
Mazkur tadbirlar ikki qardosh xalqning boy madaniy merosini keng targ‘ib etish, ijodiy almashinuvni rivojlantirish hamda O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikalari o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida, Qirg‘iz Respublikasida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tadbirlari uchinchi marotaba bo‘lib o‘tmoqda.
