“Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali doirasida o‘tkazilayotgan “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari” mavzusidagi XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA PRESS-RELIZI
2024-08-27 10:25:00 / Press-relizlar
O‘zbek xalqining ko‘hna va rang-barang musiqa san’ati juda qadimiy va serqirraligi bilan Sharq xalqlari madaniyati orasida alohida o‘rin tutib kelgan. Uning hozirgi davrga kelib mavqei toboro oshib borayotgani, behisob merosga ega bo‘lganligining asosiy sababi, bu – uning bevosita xalq ijodiyoti bilan bog‘langanligidir.
YUNESKO shafeligida 26-30-avgust kunlari “Yer yuzining sayqali” deb nom olgan qadimiy va betakror Samarqandda “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali bo‘lib o‘tadi. 1997-yilda tashkil etilib, ilk marotaba o‘tkazilgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida 31 ta davlatdan musiqiy guruhlar va ijrochilar tashrif buyurishgan bo‘lsa joriy yil 25-30-avgust kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalida dunyoning 80 ga yaqin mamlakatlardan 400 nafardan ziyod san'atkor, olimlar va vakillar qatnashmoqda. 2024-yil 27-28-avgust kunlari festival doirasida “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi. Ushbu ilmiy-amaliy konferensiyaga ilk bora 32 ta horijiy davlatlardan 46 nafar sohaning eng yetuk mutaxassislari, jumladan musiqashunos, folklorshunos, madaniyatshunos olimlar, nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlari va xalqaro ilmiy tadqiqot institutlari hamda ilmiy-ijodiy markazlar rahbarlari ishtirok etishi xalqaro konferensiyaning nufuzini yanada oshiradi.
Konferensiya davomida soha mutaxassislari ilmiy-tadqiqot ishlarining sifati va samaradorligini oshirish, ta’lim tizimiga innovatsion ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish, o‘zbek milliy musiqa san’atini turkiy davlatlar musiqa san’ati bilan o‘zaro uyg’unlashuv tamoyillarini ishlab chiqish maqsadida Turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) raisi Sultan Raev boshchiligida Turkiy davlatlar san’at universitetlari (Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, O‘zbekiston) rektorlari ishtirokida kengaytirilgan yig’ilish bo‘lib o‘tdi. Yig’ilish so‘ngida TURKSOY qoshidagi “Turkiy davlatlar san’at universitetlari ittifoqi” rezolyutsiyasi qabul qilindi. Shundan so‘ng Yunus Rajabiy nomidagi o‘zbek milliy musiqa san’ati instituti ittifoq a’zoligiga bir ovozdan qabul qilindi va barcha OTM bilan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Shundan so‘ng, konferensiya doirasida Xitoy, Fransiya, Rossiya, Germaniya, Gambiya, Ummon va Iordaniya davlatlaridagi oliy o‘quv yurtlari, xalqaro ilmiy ilmiy tadqiqot markazlari yetakchilari o‘rtasida jami 12 ta o‘zaro hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Ushbu xalqaro shartnomalar imzolanishidan asosiy maqsad qo‘shma ijodiy loyihalar, gastrol safarlari, xalqaro festivallar, simpoziumlar, tanlovlar va yozgi (qishki) maktablar tashkil etish, har ikki tomon yetakchi professor-o‘qituvchilari tomonidan mahorat darslari o‘tkazish, nazariy fanlardan ma’ruzalar o‘qish, ilmiy-nazariy konferensiya va simpoziumlarda, ilmiy seminarlarda, davra suhbatlarida va uchrashuvlarda ishtirok etish, o‘zaro qo‘shma ilmiy-uslubiy nashrlar va o‘quv-uslubiy nashrlar almashinuvi hamda institut professor-o‘qituvchilari malakasini oshirishga ko‘maklashish va xalqaro san’at, ilmiy va ta’lim dasturlarida ishtirok etish bo‘yicha hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan iboratdir.
O‘zbek mumtoz musiqa san’ati olamining oltin xazinalari cheksiz va dunyodagi eng qadimiylardandir. Shu o‘lmas mumtoz asarlar xalqimiz o‘rtasida professional va havaskor sozandalar, xonandalar ijrosida doimo yangrab, asrlardan-asrlarga, ustozdan shogirdlarga o‘tib, mukammallashib, sayqal topib, boyitilib bizning davrimizgacha yashab keldi va xalqimizning bebaho mulkiga aylandi. Ushbu an’analarga tayangan holda tashkiliy qo‘mita tomonidan yaratilgan “MAQOM KAPSULASI”ning taqdimoti konferensiya doirasida bo‘lib o‘tadi. Bu taqdimot xalqaro ilmiy anjumanning ijodiy cho‘qqisi va ilmiy yangiligi bo‘lishi shubhasizdir! Maqom kapsulasi 100 dona ishlab chiqarilib, barcha ishtirokchilarga taqdim etiladi va har bir maqomning qaysi vaqtda ijro etilishi, uning inson ruhiyatiga ijobiy ta’siri to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘rin olgan “Qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma” taqdim etilishi ham rejalashtirilgan.
“Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning asosiy ilmiy natijalari, xulosalar va saralab olingan eng yaxshi maqolalar jamlangan “Maqolalar to‘plami” nashr etilgan bo‘lib, barcha konferensiya ishtirokchilari va faxriy mehmonlarga sovg‘a qilinadi. Anjuman so‘ngida har bir ishtirokchi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri tomonidan xalqaro sertifikat va konferensiya tashkiliy qo‘mitasining estalik sovg‘alari bilan taqdirlanadilar.
