“Andijon – 2026 yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” tadbirlarining ochilish marosimi PRESS-RELIZI
2026-06-23 09:00:00 / Press-relizlar

Andijon shahri 2026-yil, 24-25-iyun
Turkiy xalqlarning ko‘p asrlik tarixi, boy ma’naviy merosi, betakror madaniyati va san’ati insoniyat sivilizatsiyasining muhim qismi hisoblanadi. Ushbu beqiyos meros asrlar davomida xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik va madaniy yaqinlikni mustahkamlab kelmoqda.
Ma’lumki, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY Doimiy kengashining qarori bilan har yili turkiy davlatlardagi shaharlardan biri “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilinadi. Bu, ana shu shaharlar timsolida har bir mamlakatning o‘ziga xosligi, madaniyati, san’ati, an’ana va qadriyatlarini xalqaro miqyosda yanada keng targ‘ib etishga ulkan imkoniyat yaratadi.
O‘tgan davr mobaynida Ostona, Eskishahar, Qozon, Mari, Sheki, Turkiston, Kastamonu, O‘sh, Xiva, Bursa, Shusha, Anau, Aqtau ana shunday sharafli maqomga ega bo‘lgan.
2025-yilda Qozog‘istonning Aqtau shahrida bo‘lib o‘tgan TURKSOY Doimiy kengashining 42-yig‘ilishida qabul qilingan qarorga muvofiq, “Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti”, deb e’lon qilindi.
“Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” xalqaro madaniy tadbiri turkiy xalqlarning umumiy tarixi, tili, adabiyoti, musiqasi, raqs san’ati, milliy urf-odat va an’analarini keng targ‘ib etish, madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 24-25-iyun kunlari Andijon viloyatida bir qator tadbirlar (dastur ilova qilinadi) rejalashtirilgan.
Tadbirlarda turkiy xalqlarning bebeho madaniy merosi, mushtarak qadriyatlari, do‘stlik va birodarlik g‘oyalari teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, musiqiy kompozisiyalar, xalq qo‘shiqlari, milliy raqslar va zamonaviy multimedia vositalari orqali namoyon etiladi.
Tantanali ochilish marosimida Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi, Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) Bosh kotibi va Bosh kotibiyati mas’ullari, turkiy davlatlar madaniyat vazirlari va vazir o‘rinbosarlari qatnashadi. Badiiy dasturda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Turkmaniston va O‘zbekistonning mashhur xonanda va sozandalari, raqs ansambllari ishtirokida turkiy xalqlarning boy madaniy merosini o‘zida mujassam etgan yirik konsert dasturi namoyish etiladi.
Madaniyat poytaxti doirasida yil davomida qator tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Ulardan biri – TURKSOY tashabbusi va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Andijon viloyati hokimligining qo‘llab-quvvatlashi bilan “Andijon polkasi” raqsining “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilishidir. Ushbu loyiha orqali Andijon timsolida O‘zbekistonni, o‘zbek raqs san’atini, betakror madaniyatimizni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish maqsad qilingan.
Shuningdek, “Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” doirasida joriy yil davomida TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi yig‘ilishi, IV TURKSOY Xalqaro teatr festivali, V Turkiy dunyo muzeylari uchrashuvi va TURKSOY Muzeylar uyushmasi davriy yig‘ilishi, tashkilotga a’zo davlatlar Madaniyat vazirliklari mas’ullari ishtirokidagi Ekspertlar yig‘ilishi va TURKSOY Doimiy kengashining 43-yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, xorijiy davlatlarda ham Andijon taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etish ham ko‘zda tutilmoqda.
Ma’lmot o‘rnida, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY 1993-yil 12-iyulda Qozog‘istonning Olmaota shahrida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya va Turkmaniston madaniyat vazirlari tomonidan imzolangan kelishuv asosida ta’sis etilgan.
TURKSOY turkiy xalqlar o‘rtasida madaniy aloqalarni mustahkamlash, jumladan, til, adabiyot, musiqa, teatr, kino va an’anaviy san’at kabi qator yo‘nalishlarda umumiy merosni asrab-avaylash, targ‘ib qilish va kelajak avlodlarga yetkazish maqsadida faoliyat yuritib kelayotgan ko‘p tomonlama xalqaro tashkilot hisoblanadi.
Mamlakatimiz Turkiy davlatlar tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirganidan so‘ng barcha sohalar singari TURKSOY faoliyati doirasidagi hamkorlik aloqalari ham yangi bosqichga ko‘tarildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 10-noyabrdagi “TURKSOY tuzilmasi va faoliyat ko‘rsatish prinsiplari to‘g‘risidagi Shartnomani (Olma-ota, 1993-yil 12-iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonuni bilan O‘zbekistonning ushbu xalqaro tashkilotdagi faoliyati huquqiy jihatdan mustahkamlandi.
Bugungi kunda tashkilotga 6 ta davlat – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya va Turkmaniston to‘laqonli a’zo hisoblanadi.
TURKSOY faoliyati a’zo davlatlarning madaniyat vazirlaridan iborat Doimiy kengash tomonidan belgilanadi. Doimiy kengash yig‘ilishlarida qabul qilingan qarorlar TURKSOY Bosh kotibiyati tomonidan ijro etib boriladi.
2027-yilda esa Turkiyaning “Qaysari shahri 2027-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” etib tanlangan.
