“III Xalqaro Maqom san’ati forumi doirasida “Sharq maqomotida yangi tendensiyalari: an’ana va innovatsiyalar uyg‘unligi” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman PRESS-RELIZI
2026-06-22 08:00:00 / Press-relizlar
O‘zbek milliy maqom san’ati xalqimizning ko‘p asrlik badiiy tafakkuri, tarixiy xotirasi, ijro maktablari, ustoz-shogird an’analari va yuksak ma’naviy qadriyatlarini mujassam etgan noyob madaniy meros hisoblanadi. Maqom san’atida xalqning estetik qarashlari, an’analari, qadriyatlari, kuy, usul xususiyatlari, she’riy matn va ohang uyg‘unligi, xonanda hamda sozanda mahorati bilan bog‘liq murakkab ijodiy jarayonlari o‘z ifodasini topgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3391-son Qarori va ushbu qaror bilan tasdiqlangan “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar dasturi”da belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, 2026-yil 23–26-iyun kunlari Namangan viloyatining Namangan shahrida YUNESKO va AYSESKO shafeligi ostida “III Xalqaro maqom san’ati anjumani” doirasida 24–25-iyun kunlari “Sharq maqomotining yangi tendensiyalari: an’ana va innovatsiyalar uyg‘unligi” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkaziladi.
Konferensiyada Sharq maqomoti an’analarini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganish, maqom, mug‘om, makam, dastgoh, muqom kabi turdosh kasbiy musiqa tizimlari o‘rtasidagi tarixiy, nazariy va ijrochilik aloqalarini tahlil qilish, shuningdek, maqom san’atida an’ana va innovatsiya uyg‘unligini ilmiy-amaliy jihatdan yoritishdan iborat.
Mazkur Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada 50 ga yaqin davlatlarning nufuzli tashkilot va ilm maskanlaridan 100 ga yaqin taniqli san’atshunos, musiqashunos, adabiyotshunos olimlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etadilar. Jumladan, Turkiy Davlatlar tashkiloti bosh kotibi – Kubanichbek OMURALIEV, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY bosh kotibi – Sulton Rayev, Xalqaro musiqa va raqs an’analari kengashi (ICTMD – International Council for Traditions of Music and Dance) prezidenti – Tan Sooi Beng (Malayziya), Jahon musiqasi xalqaro instituti (IIWM – International Institute of World Music) ta’sischisi va direktori – Margaret Dechenaux (Fransiya), GIO Entertainment kompaniyasi Bosh direktori, global festivallar, sahna chiqishlarini rejalashtirish hamda media-art kontentlari bo‘yicha mutaxassis – Lee Soon-Kyung (Koreya), Korea Musiqa Terapiya Assotsiatsiyasi asoschisi – Prof. Choi Sang Wha (Koreya), Folklor festivallari va xalq san’ati tashkilotlari xalqaro kengashi (CIOFF® International – International Council of Organizations of Folklore Festivals and Folk Arts) Osiyo va Tinch okeani sektori raisi – Pawan KAPOOR (Hindiston), Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Departament boshlig‘i o‘rinbosari – Xalmurat Rashidov, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – madaniyat va axborot vaziri – Aida BALAEVA, Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri – Adil Kerimli, Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari – Serdar Cham, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri o‘rinbosari – Faridun BOBOZODA, Xalqaro mug‘om Markazi (International Mugham Center) direktori – Sahib Pashazade (Ozarbayjon) kabi xalqaro miqyosda taniqli musiqashunos olimlar sohaning dolzarb muammolari haqida ma’ruza qiladilar.
Shuningdek, anjuman doirasida turli xorijiy davlatlarning 10 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari rektorlari, respublikamizdagi madaniyat va san’at ta’limiga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari rektorlari, hamda ixtisoslashtirilgan o‘rta ta’lim tashkiloti rahbarlari ishtirokida memorandumlar imzolanishi nazarda tutilgan.
Konferensiya doirasida O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti hamda S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya universitetining Toshkent filiali hamkorligida “Rajabiy kodi: Maqomning raqamli xotirasi” qisqa metrali maxsus film tayyorlanmoqda. Mazkur filmda maqom san’atining tarixiy ildizlari, bugungi rivojlanish jarayonlari, xalqaro anjuman doirasidagi ilmiy-madaniy tadbirlar hamda yosh avlodni milliy musiqa merosiga jalb etish borasidagi ishlar yoritilishi rejalashtirilgan.
Anjuman doirasida xalqaro ilmiy-amaliy hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida Koreya musiqa terapiyasi assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda maqom kapulasini rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqiladi. Ushbu tashabbus maqom san’atining nafaqat badiiy-estetik, balki inson ruhiyati, ma’naviy tarbiyasi va madaniy terapiya jarayonlaridagi imkoniyatlarini ilmiy asosda o‘rganishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Shuningdek, san’atshunos va maqomshunos olimlar, ijrochilar, pedagoglar, yosh tadqiqotchilar hamda madaniyat sohasi vakillari o‘zaro ilmiy munozoraga kirishib, fikr almashdi, maqom san’atining bugungi holati va istiqboli yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish imkoniga ega bo‘ladi.
Konferensiyaning sho‘ba mavzu yo‘nalishlari:
- Sharq maqomotining zamonaviy ta’lim va madaniy integratsiya istiqbollari.
- Maqom san’atining tarixiy taraqqiyoti va manbashunoslik muammolari;
- Maqomot tizimining ilmiy-nazariy, terminologik va amaliyot masalalari.
Mazkur konferensiyaning sho‘ba yig‘ilishilari Turkiya, Ozarbayjon va O‘zbekistondagi taniqli musiqashunos olimlar tomonidan olib boriladi.
Umuman olganda, III Xalqaro maqom san’ati anjumani doirasida o‘tkaziladigan mazkur Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya Sharq maqomoti an’analarini saqlash, ilmiy tadqiq etish, ta’lim tizimiga chuqur integratsiya qilish va xalqaro miqyosda targ‘ib etishda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi. Konferensiya natijasida maqom san’ati bo‘yicha xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlash, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda milliy musiqa merosini innovatsion yondashuvlar asosida rivojlantirishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqilishi kutilmoqda. Anjuman yakunida maqom san’ati istiqboli bilan bog‘liq muhim rezolyusiya qabul qilinadi.
Xulosa qilib aytganda, Maqom san’ati forumi va unig doirasida tashkil etilgan “Sharq maqomotining yangi tendensiyalari: an’ana va innovatsiyalar uyg‘unligi” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani dolzarbligi milliy musiqa merosini asrash, ilmiy o‘rganish, ijro amaliyotini takomillashtirish, ta’lim jarayoniga samarali tatbiq etish, yoshlarni ma’naviy tarbiyalash va xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish ehtiyoji bilan belgilanadi. Mazkur forum maqom san’atining bugungi taraqqiyot bosqichini tahlil qilish, mavjud muammolarga ilmiy-amaliy yechim topish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilashda muhim ahamiyatga ega. Shu jihatdan u o‘zbek milliy musiqa san’atining nufuzini oshirishga, maqom merosini zamonaviy jamiyat hayotida yanada faol namoyon etishga xizmat qiladigan muhim madaniy-ma’rifiy tadbirdir.
Ma’lumot uchun: Mazkur nufuzli madaniy tadbir 2018-yildan buyon har ikki yilda bir marotaba tashkil etilib kelinmoqda. 2018-yil Qashqadaryoning Shahrisabz shahrida o‘tkazilgan, unda 70 ga yaqin davlatdan jami 500 ga nafarga yaqin xorijiy va mahalliy san’atkorlar, olimlar, musiqashunoslar, 2024-yilda Jizzax viloyatining Zomin tumanida o‘tkazilgan II Xalqaro maqom san’ati forumida 80 ga yaqin davlatdan 400 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashgani, ilmiy-amaliy konferensiyada 30 dan ortiq mamlakatdan 70 nafardan ziyod olimlar ishtirok etgani, xalqaro tanlovda esa 16 davlatdan 95 nafar maqom ijrochisi qatnashgan.
