PRESS-RELIZ: Gruziyada 2024-yilning 9-12-iyul kunlari bo'lib o'tayotgan “O‘zbekiston madaniyati va kino kunlari” haqida
2024-07-09 18:00:00 / Press-relizlar

Tbilisi 2024-yilning 9-12-iyul kunlari
So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Gruziya o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalar qatori madaniyat va sanʼat sohasida ham tobora rivojlanib bormoqda.
Xususan, O‘zbekistonda o‘tkaziladigan “Lazgi”, “Baxshi sanʼati”, “Hunarmand”, “Maqom” festivallarida Gruziya vakillari muntazam ishtirok etib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Gruziyaga va Gruziya Bosh vazirining Oʼzbekistonga tashriflari chog‘ida erishilgan kelishuvlar natijasida madaniy-gumanitar hamkorlik yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ydi.
“O‘zbekiston madaniyati va kino kunlari” tadbirlarining asosiy maqsadi, o‘zbek xalqining boy tarixi, avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tib kelayotgan madaniyati va betakror sanʼatini namoyon qilish va zamonaviy o‘zbek musiqa sanʼati, hunarmanlarining amaliy sanʼat ekspozitsion ko‘rgazmasi hamda mahoratli oshpazlarning “O‘zbek oshxonasi” taqdimotlarini namoyish etishdir.
Ushbu samarali hamkorlikning natijasi hamda madaniyat va sanʼat sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida, 2024-yilning 9-12-iyul kunlari Tblisi shahrida “O‘zbekiston madaniyati va kino kunlari” doirasida madaniyat va sanʼat ustalarining tantanali konsert dasturi, kino namoyishlari, hunarmandchilik ko‘rgazmasi tashkil etildi.
10-iyul kuni Tblisidagi muhtasham Jansug Kaxidze madaniyat saroyida “O‘zbekiston madaniyati va kino” kunlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Аhmedov nutq so‘zladi.
“Mana bugun ushbu samarali hamkorlikning natijasi sifatida Sizlar bilan mazkur muhtasham madaniyat saroyida “O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari”ni ochilish marosimida yig‘ilib turibmiz. O‘ylaymizki, joriy yil ikki tomonlama hamkorligimiz tarixidagi eng muhim va voqealarga boy yillardan biri bo‘ladi” – dedi Bahodir Аhmedov.
11-iyul kuni “O‘zbekiston madaniyati va kino kunlari” doirasidagi o‘zbek kino kunlarining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda kino sohasi vakillaridan Matyoqub Matchonov, Tohir Saidov, Husan Rashidov, Zafar Yuldashev, Lola Eltoeva, Umid Iskandarov, Samiddin Lutfullayev, Farhod Sarvarov qatnashishdi.
“O‘zbekiston madaniyati va kino kunlari” doirasida “Ilhaq”, “101-reys”, “Evrilish” kabi filmlar namoyish etildi.
Shuningdek, Gruziya madaniyat, sport va yoshlar vaziri nomidan O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari uchun rasmiy qabul o‘tkazildi.
