“Turk dunyosining an'anaviy xalq raqslari antologiyasi” mavzusida TURKSOYga a'zo davlatlarning III davlat xoreografiya oliy o'quv yurtlari rektorlari va rahbarlari yig'ilishi
2026-04-27 15:35:00 / Press-relizlar
TURKSOY tashkilotiga a'zo davlatlarning balet va xoreografiya sohasidagi ta'lim muassasalari rahbarlarining 2025-yil 30-aprelda Anqara shahri (Turkiya)da bo'lib o'tgan II yig'ilishida qabul qilingan yakuniy rezolyutsiyasini amalga oshirish maqsadida, Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, O'zbekiston, Turkiya va Turkmaniston tillarida «Turk dunyosining an'anaviy xalq raqslari antologiyasi» nomli olti jildlik fundamental asarni tayyorlash va nashr etish to'g'risidagi qarorga muvofiq, hamda 2026-yilda Xiva shahri (O'zbekiston Respublikasi)da III xalqaro «Lazgi» raqs festivali doirasida TURKSOY a'zosi davlatlarning davlat xoreografiya oliy o'quv yurtlari rektorlari va rahbarlarining III yig'ilishi «Turk dunyosining an'anaviy xalq raqslari antologiyasi» mavzusida o'tkazilishi rejalashtirilgan.
Yig'ilish tashkilotchilari: O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turk madaniyatining xalqaro tashkiloti «TURKSOY», TURKSOY tashkilotiga a’zo davlatlarning davlat xoreografiya oliy o'quv yurtlari va O'zbekiston Davlat Xoreografiya Akademiyasi.
Yig'ilish ishtirokchilari
III yig'ilishda TURKSOY tashkilotiga a’zo davlatlarning — Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkiya va Turkmanistonning — davlat xoreografiya oliy o'quv yurtlari rektorlari va rahbarlari, xoreografiya sohasidagi mutaxassislar, professor-o'qituvchilar va ilmiy xodimlar vakillari, shuningdek O'zbekiston Respublikasi oliy o'quv yurtlarining professorlari, o'qituvchilari va tadqiqotchilari ishtirok etadilar.
Konferensiyaning ish tillari
O'zbek, rus va turk tillari.
Yig'ilishning maqsad va vazifalari
Yig'ilishning asosiy maqsadi: an'anaviy xalq raqsi sohasidagi ta'lim muassasalari faoliyatini muhokama qilish; muassasalararo va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish; professional hamda ilmiy-pedagogik tajriba almashish; qo'shma ta'lim va madaniy loyihalarni amalga oshirish; barcha ishtirokchi davlatlarning manfaatlarini hisobga olgan holda «Turk dunyosining an'anaviy xalq raqslari antologiyasi» xalqaro loyihasining yagona kontseptsiyasini shakllantirish.
Taqdim etilgan kontseptsiyalar
Yig'ilish doirasida soha mutaxassislari, oliy o'quv yurtlari rahbarlari, professorlar, o'qituvchilar va tadqiqotchilar tomonidan Antologiyaning quyidagi bo'limlari kontseptsiyalari taqdim etiladi:
«Ozarbayjonning an'anaviy xalq raqslari antologiyasi»
«Qozog'istonning an'anaviy xalq raqslari antologiyasi»
«Qirg'izistonning an'anaviy xalq raqslari antologiyasi»
«O'zbekistonning an'anaviy xalq raqslari antologiyasi»
«Turkiyaning an'anaviy xalq raqslari antologiyasi»
«Turkmanistonning an'anaviy xalq raqslari antologiyasi»
Taqdim etilgan kontseptsiyalarda an'anaviy raqslarning shakllanish bosqichlari, ularning estetik va etnografik xususiyatlari, ijro uslublari, raqs ta'limi tizimi, musiqa madaniyati, shuningdek Turk dunyosining milliy raqs merosini saqlash va targ'ib qilish masalalari aks ettirilgan.
Yig'ilish natijalari
III xalqaro «Lazgi» raqs festivali doirasida o'tkazilgan TURKSOY tashkilotiga a’zo davlatlarning davlat xoreografiya oliy o'quv yurtlari rektorlari va rahbarlarining III yig'ilishi yakunlari bo'yicha xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va «Turk dunyosining an'anaviy xalq raqslari antologiyasi» loyihasini amalga oshirishga qaratilgan yakuniy rezolyutsiya qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.
