O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida madaniyat sohasidagi qo‘shma komissiyaning III yig‘ilishi yuzasidan Press reliz
2026-04-27 13:00:00 / Press-relizlar
25-30 aprel kunlari Xorazmning Xiva shahrida o’tkazilayotgan “Lazgi” III xalqaro raqs festivali doirasida 27-aprel kuni O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida madaniyat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan Qo‘shma komissiyaning III yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yig‘ilish ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash, mavjud hamkorlikni tizimli ravishda rivojlantirish hamda yangi istiqbolli yo‘nalishlarni belgilashga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda o‘zbek tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Madjidov, turk tomonidan esa Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Batuhan Mumju raislik qiladi. Unda har ikki davlatning madaniy merosi, muzeylar faoliyati, nomoddiy madaniy meros, kino industriyasi, teatr va ijrochilik san’ati yo‘nalishlariga mas’ul yetakchi mutaxassislari va rahbar xodimlari ishtirok etadi.
Xususan, yig‘ilishda o‘zbek tomonidan Madaniyat vazirligining tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, Kinematografiya agentligi, Madaniy meros agentligi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti hamda Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik opera va balet katta teatri rahbariyati qatnashadi.
Turk tomonidan esa Turkiya Madaniyat va turizm vazirligining tegishli tarkibiy bo‘linmalari, jumladan, Davlat teatrlari, Kino bosh boshqarmasi, Amaliy san’at va madaniy tadbirlar yo‘nalishlari rahbarlari ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Yig‘ilish kun tartibidan ikki davlat o‘rtasida 2025-yilda o‘tkazilgan qo‘shma komissiya yig‘ilishi bayonnomasida belgilangan vazifalar ijrosi, 2025–2026-yillar davomida madaniyat sohasida amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar va tashabbuslar, shuningdek, istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari o‘rin olgan.
Tomonlar madaniy merosni asrash va targ‘ib etish, muzeylar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma kino loyihalarini amalga oshirish, teatr va sahna san’atini rivojlantirish, ijodiy jamoalar almashinuvi hamda madaniy tadbirlarni o‘zaro tashkil etish masalalarini atroflicha muhokama qiladilar.
Shuningdek, yig‘ilish yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilanishi, istiqbolli loyihalar yuzasidan kelishuvlarga erishilishi kutilmoqda.
Yig‘ilish doirasida Turkiya delegatsiyasi uchun Xiva shahrining boy tarixiy-madaniy merosini aks ettiruvchi diqqatga sazovor maskanlarga tashriflar tashkil etilishi ham rejalashtirilgan. Bu esa mehmonlarga O‘zbekistonning noyob madaniy muhitini yaqindan his etish imkonini yaratadi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, madaniyat sohasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
