PRESS-RELIZ: MAXTUMQULI – TURKIY XALQLARNING ULUGʻ SHOIRI
2024-05-02 15:00:00 / Press-relizlar

2024-yil 2-may Toshkent sh.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi 2024-yil 19-fevraldagi 76-son qarori ijrosi yuzasidan 2024-yilning 2-may kuni yurtimizda Turkmaniston delegatsiyasi hamda mamlakatimizdagi qator vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbek va turkman xalqlari bir daryodan suv ichgan, bir-birining ma’naviyati, madaniyatini boyitgan xalqlardir. Maxtumquli – turkiy xalqlarning sayroqi tili. Uning asarlari muntazam tarzda yurtimizda chop etilmoqda. Ijodi o‘rganilmoqda. E’tiborli tomoni, keyingi yillarda mamlakatimiz o‘rtasidagi munosabatlar yangicha rivojlanish bosqichiga chiqdi. Bu kabi adabiy anjumanlar do‘stligimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda turli millat vakillari kabi turkman diasporasi ham yashab, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda. Yurtimiz maktablarida turkman tilida ham bilim beriladi. Maxtumqulidek mutafakkir shoirlarning ijodini o‘rganish, asarlarini chop etish doimiy e’tiborda. To‘y-tadbirlarimizda Maxtumquli so‘zlari bilan kuylanuvchi qo‘shiqlar doim baralla yangraydi. Poytaxtning markaziy ko‘chalarida shoirga ko‘rkam me’moriy yodgorligi o‘rnatilgani, uning nomi bilan fayzli ko‘chalarimizdan biri nomlangani hamjihatligimizning yorqin dalilidir. Do‘stlik rishtalarimizning tobora mustahkamlanishida bu kabi ijodiy aloqalar, betakror ma’rifiy loyihalarning o‘rni katta.
Mahtumquli tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan ushbu tantanali tadbirlarda ishtirok etish uchun Turkmanistonning YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi, Turkmaniston Qahramoni Chinor Rustemova xonim boshchiligidagi delegatsiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurishdi.
Tasdiqlangan dastur doirasida 2-may kuni soat 13.00 da Toshkentdagi Mahtumquli barelyefiga gul qo‘yish marosimi tashkil qilindi. Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining bir guruh xodimlari, Turkmanistonlik mehmonlar, Respublika turkman madaniyat markazi faollari barelyef poyiga gulchambarlar qo‘yishdi.
Shu kuni soat 14.00 da Turkmaniston delegatsiyasi hamda Respublika turkman madaniyat markazi vakillari ishtirokida poytaxtimizdagi Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘yish marsimi o‘tkazildi.
Soat 15.00-17.20 da O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Turkmaniston delegatsiyasining tashrifi va buyuk turkman shoiri Maxtumquli tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan “Maxtumquli Firog‘iy turkman va o‘zbek xalqlarining umumiy merosi” nomli xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va Tashqi ishlar vazirliklari, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi mutasaddi xodimlari, Turkmanistonnning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, milliy madaniy markazlar raislari, Respublika turkman milliy madaniyat markazi faollari, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zolari va jurnalistlar ishtirok etishdi.
O‘tkazilgan anjumanning maqsadi – mamlakatlarimizning yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish orqali qardosh xalqlarimizning tarixi, madaniyati, ma’naviy qadriyatlari, milliy an’ana va urf-odatlarini saqlash va har tomonlama rivojlantirish, ularning buyuk namoyandalari hayoti va ijodi bilan o‘sib kelayotgan yosh avlodni tanishtirishdan iborat.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov yig‘ilganlarni qutlug‘ sana bilan samimiy tabriklab, o‘zbek va turkman xalqlarining o‘tmishi va buguni mustahkam aloqalar bilan uzviy bog‘liqligi, tarixning turli bosqichlarida barcha sohalardagi hamkorlikning minglab namunalari mavjud bo‘lib, xalqlarimiz tanlagan yo‘ldan muvaffaqiyatli borish imkonini berishi qayd etdi. Shuningdek, u yig‘ilganlarni qutlug‘ sana bilan samimiy tabriklab, markaz faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Turkmanistonning YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi ijrochi kotibi Chinar Rustamova buyuk turkman shoiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludini keng nishonlanishga yaratilgan imkon uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorchilik bildirib, O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar sohasida olib borilayotgan davlat siyosatini yuqori baholadi. Shuningdek u ikki mamlakat o‘rtasida turli sohalar, jumladan, madaniyat yo‘nalishidagi hamkorlik aloqalari yanada rivojlanayotganini, bunda ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi xalq diplomatiyasiga asoslangan aloqalar muhim ahamiyat kasb etishini aytib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston va Turkmaniston yozuvchi, olimlar ulug‘ turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli asarlarida do‘stlik va qardoshlik tushunchalari xususida ma’ruzalar qilishdi.
Xalqaro Konferensiyada “Maxtumquli ijodidagi “Go‘ro‘g‘li” dostonining o‘rni”, “Maxtumquli asarlarida Navoiy asarlari talqini”, “Maxtumqulining turkman she’riyatidagi o‘rni”, “O‘zbek – turkman - qoraqalpoq adabiy aloqalarida Maxtumquli ijodining o‘rni”, “Maxtumquli Firog‘iy – do‘stlik aloqalarning ko‘prigi” va boshqa mavzularda ma’ruzalar qilindi hamda ishtirokchilar tomonidan taklif hamda mulohazalar bildirildi.
Soat 18.00-19.30 da poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida Maxtumquli Firog‘iyning 300 yilligiga bag‘ishlangan do‘stlik konserti bo‘lib o‘tdi. Bayramona konsert dasturida O‘zbekiston va Turkmaniston respublikalari taniqli san’atkorlari, milliy madaniy markazlar havaskorlik guruhlari ijrosida turli xalqlarning kuy va raqslari yangradi. O‘tkazilayotgan tadbirlar O‘zbekiston zaminida millatlararo totuvlik, do‘stlik va tinchlikni mustahkamlash va rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.
