Dunyo tamaddunining yangi davri Samarqand qog‘ozi bilan boshlangan

Samarqandda qog‘ozning kashf etilishi, uning Buyuk Ipak yo‘li orqali Yevropa bozorlariga yetkazib berilishi, buning natijasida jahon miqyosida matbaachilikning vujudga kelishi fan-texnika rivojlanishida inqilob yasadi. VIII asrdan XIX asrgacha nafaqat O‘rta Osiyoda, balki Yaqin sharq, Yevropa Ispaniya, Fransiya va Germaniyada ham Samarqand qog‘ozida yozilgan.
Bu qog‘ozni ishlab chiqarish texnologiyalari esa 5 asr davomida sir tutilgan.
Zahiriddin Muhammad Bobur shunday yozadi: “Olamda yaxshi kog‘az Samarqanddin chiqar, Juvozi kog‘azlar suyi tamom Konigildin keladur. Konigil Siyohob yoqasidadurkim, bu qora suvni Obirahmat derlar”. Ushbu matndan ko‘rinadiki, qog‘oz ishlab chiqarishga moslashtirilgan suv tegirmonlar o‘tmishda juvozi kog‘az deb yuritilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Siyob daryosining quyirog‘ida, unga Obi Mashhad irmog‘i kelib tushadigan yerida shahzoda Abdullaxon arig‘ining ko‘prigi joylashgan. Bu ko‘prikdan yuqori va pastda Siyob daryosidan tarqaladigan ariqlar bo‘ylab juda ko‘p qog‘oz tegirmonlar joylashgan. Tegirmonlar yog‘och, tosh va temirdan qurilgan.
Samarqand qog‘ozgarlari silliq, puxta va kam siyoh ketadigan qog‘oz ishlab chiqarganlar. Qog‘ozning har ikki tomoniga bug‘doy unidan qilingan atalasimon yelim (ohor) yupqa qilib surkab, soyada quritilgandan so‘ng, aqiqdan qilingan tish yoki chig‘anoq – muhra bilan pardozlangan. Qog‘ozni yaltiroq qilish uchun uni yetti martagacha pardozlaganlar. Bu qog‘oz “ohor muhrali” deb nomlangan. Ushbu qog‘oz xattot ko‘chirayotganda agar xato qilib qo‘ysa, xatni suv bilan yuvib quritgandan so‘ng yangidan yozsa bo‘lar edi. Ayni shu qog‘ozdan turli qo‘lyozmalarni ko‘chirish uchun maxsus “haftrang” deb ataladigan qog‘ozlar va muqovaning ichki tomoniga qo‘yish uchun “abri bahor” qog‘ozlari ham ishlanardi.
Amir Temur davrida qog‘oz ishlab chiqarish hunarmandchilikning asosiy tarmog‘i bo‘lgan. XV asrda Samarqand, Buxoro shaharlari o‘sha davrning qog‘oz sanoatida eng yirik markazi bo‘lgan.
XVIII asr boshlarida Samarqand va uning atroflarida 42 ta qog‘oz ishlab chiqarish korxonasi faoliyat yuritgan.
Turli davrlarda yashagan olimlar Samarqand qog‘ozini yuqori baholab unga turli ta’riflar berganlar. X asrda yashagan Maqdisiy: “Xorazm kamoni, Shosh idishlari, Samarqand qog‘ozining tengi yo‘q edi”, deya ta’riflaydi. Abu Mansur Saolibiy ham Samarqand qog‘ozini Misrnikidan yaxshi deya ta’riflaydi. Sulton Ali Mashhadiy faqat Samarqand qog‘oziga yozishga tavsiya qilgan. Keyinchalik Vamberi ham bunday e’tirof etgan: “Buxoro va Samarqandda ishlab chiqarilgan qog‘oz butun Turkiston va dong‘i ketgan shaharlarda ishlatiladi”.
Najmiddin Umar Nasafiy o‘zining “Kitobu-l-qand” nomli asarida IX asrda Samarqandda qog‘oz bozori borligi, muhaddislardan biri Abu Sulaymon Dovud Marvaziy (vaf. 281/895 y.) o‘sha qog‘oz bozorida dallollik qilganligini eslatib o‘tgan. U Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad ibn Nasr Roziy Varroq, Abu Ali Ismoil ibn Yahyo Varroqiy Samarqandiy va boshqa ko‘plab qog‘oz ishlab chiqarish hamda uning savdosi bilan shug‘ullangan olimlar haqida ham qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirgan.
Arab islomshunosi Ehson Zununning ta’kidlashicha, qog‘oz bozoridagi do‘konlarda varroqlar (ya’ni qog‘ozfurushlar) yangi kelgan kitoblar borasida fikr almashish uchun (https://t.me/icrichuzb) yig‘ilib turganlar.
