“Ayollar daftari”dan modalar podiumiga: Dilnoza Tohirova rahbarligidagi “DT ACADEMY”ning ikki yillik zafarli yo‘li
2026-03-31 14:35:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda bandligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu boradagi islohotlarning amaliy samarasi sifatida hududlarda o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yayotgan ayollar safi kengaymoqda.
Shunday namunali loyihalardan biri — Dilnoza Tohirova rahbarligidagi “DT Academy” dizaynerlik va tikuvchilik markazidir. Yaqinda mazkur markaz tashkil topganining ikki yilligi munosabati bilan tumandagi “Abdulla ota” majmuasida yuqori saviyadagi modalar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Tadbirni tuman hokimi o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i M. Nurullayeva ochib berar ekan, tadbirkor ayollarga yaratilayotgan shart-sharoitlar hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash borasidagi tizimli ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlandiki, o‘z vaqtida “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turgan Dilnoza Tohirovaning bugungi muvaffaqiyatlari — berilgan imtiyozlardan oqilona foydalanish va tinimsiz mehnatning mahsulidir.
Ko‘rgazma doirasida markaz shogirdlari tomonidan tayyorlangan, milliy matolarimizning nafis jilosini o‘zida mujassam etgan liboslar to‘plami namoyish etildi. Atlas va adrasdan tikilgan zamonaviy uslubdagi liboslar yig‘ilganlarga o‘zgacha zavq bag‘ishlab, o‘zbek dizaynerlik maktabining salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Tadbir yakunida iqtidorli ishtirokchilar va soha rivojiga hissa qo‘shayotgan yosh mutaxassislar sertifikat hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
— “Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor bizga kuch va ilhom bag‘ishlamoqda,” — deydi “DT Academy” rahbari Dilnoza Tohirova. — “Maqsadimiz nafaqat tumanda o‘z o‘rnimizga ega bo‘lish, balki milliy qadriyatlarimiz aks etgan liboslarimiz bilan xalqaro modalar podiumlarini zabt etish hamda yuzlab shogirdlarni professional darajada tayyorlashdir”.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, bunday ko‘rgazmalar nafaqat hunarmandchilikni rivojlantirishga, balki xotin-qizlarning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini oshirishga, milliy madaniyatimizni keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Hazorasp tumani hokimligi matbuot xizmati









