O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori o‘rinbosarining korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan murojaati
2025-04-24 11:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Hurmatli energetika sohasining mehnatkash vakillari!
Qadrli hamkorlar va hamkasblar!
Butun dunyoda korrupsiyaning tabiati va mohiyati eng katta salbiy ijtimoiy hodisa sifatida tahlil qilinadi. Korrupsiya – bu shaxsning mansab vakolatidan har qanday ko‘rinishda qonunga xilof ravishda foydalanishi. Hozirgi kunda bu illat har qanday jamiyatning asosiy sotsiologik muammolardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2025 yil 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishidagi nutqida “Korrupsiyaga qarshi kurashda barchamiz yagona kuch bo‘lib harakat qilsak, albatta, yana-da katta ijobiy samaraga erishamiz. Shu bois, mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, sanʼat va madaniyat xodimlari, tadbirkorlar, taniqli shaxslar, rahbarlar, deputat va senatorlar – umuman butun jamoatchilik birlashib, korrupsiyaga «jamiyat tanasidagi saraton» sifatida qarashi kerak” deb taʼkidlab o‘tgan edi.
Albatta korrupsiya jamiyatdagi oddiy hodisa emas, u butun jahon hamjamiyatiga, xususan, bizning mamlakatimizga xam haqiqiy tahdiddir.
So‘ngi yillardagi o‘zgarishlar va islohotlar natijasida O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z modelini yaratmoqda.
Albatta, mazkur natijalarning asosiy ijrochilari nafaqat korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul idoralar, balki boshqa davlat idoralari va tashkilotlari, biznes hamjamiyati, fuqarolik jamiyati instituti vakillari va keng jamoatchilik ham hisoblanadi.
Bundan tashqari, Prezidentimizning har yilgi murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tilishi, ushbu sohada ko‘plab qonun hujjatlarining qabul qilinishi bu sohaning davlat siyosati darajasida ahamiyatga egaligini ko‘rsatib bermoqda.
Davlatimiz Rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashishga doir tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligida ham korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq faoliyatni takomillashtirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, bu ijtimoiy illatning oldini olish va profilaktika qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Agentlik faoliyatida korrupsiyaning oldini olish maqsadida korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga barham berishga qaratilgan vazifalar va yo‘nalishlar belgilab olinib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash, shuningdek, ularni bartaraf etish bo‘yicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Bundan tashqari, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiyaning oldini olishga doir taʼsirchan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari, jamoamizda faoliyat yuritayotgan xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha o‘quv seminarlar, treninglar, va davra suhbatlari tashkil etib borilmoqda.
Agentlik o‘z navbatida korrupsiyaga qarshi talablar hamda axloqiy meʼyorlarga asoslangan vazifalarni to‘g‘ri bajarilishini kafolatlaydi.
Muxtasar qilib aytganda har birimiz bu ishda nafaqat mamlakatimizda qabul qilingan qonunchilik hujjatlariga ongli ravishda rioya etishimiz, balki unga insoniylik burchimiz hamda vijdon amri sifatida qarashimiz kerak.
Fursatdan foydalanib, hamkasblarimiz, hamkorlarimiz va yurtdoshlarimizni ish yuritish standartlariga, korrupsiyaga qarshi tamoyillarga og‘ishmay rioya qilishga, har qanday ehtimoliy korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar berishga yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashishga va agar shubha tug‘ilsa, savollar bilan murojaat etishga yana bir bor chorlab qolamiz.
Hurmat bilan,
Agentlik direktori o‘rinbosari A. Otaboyev
