O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktorining korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan murojaati
2025-03-07 16:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum, hurmatli hamkasblar va hamkorlar!
Bugungi kunda mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarining taʼsirchan shakllarini joriy etish, davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha boshlagan ishlar ortga qaytmas tus olgan.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash, byurokratiya va korrupsiyaning turli ko‘rinishlariga qarshi kurashish mamlakatimizda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Buning yaqqol misoli sifatida so‘nggi yillarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan maʼmuriy islohotlarni ko‘rishimiz mumkin.
Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi mazkur sohada boshlangan islohotlarning o‘ziga xos huquqiy poydevori bo‘lgan bo‘lsa, “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” va “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmonlari, O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan muhim konseptual hujjatlar sifatida xizmat qilmoqda.
Maʼlumki, korrupsiyaga qarshi samarali kurashishda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir aniq-chora tadbirlarni belgilash, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, korrupsiyaga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish, huquqbuzarliklarni sodir etganligi uchun javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash kabi vazifalarni bajarish ustuvor hisoblanadi.
Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligida ham shunday chora-tadbirlarni belgilash maqsadida ichki meʼyoriy hujjatlar va tartib-qoidalar ishlab chiqildi.
Xususan, Agentlikda “Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati”, “Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risida”gi nizom, “korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti”, Agentlik xodimlarining “Odob-axloq qoidalari” va boshqa shu kabi 10 dan ortiq ichki idoraviy hujjatlar tashkilot standartlari sifatida qabul qilindi.
Shuningdek, Agentlik xodimlarining korrupsion harakatlari yuzasidan xabar berish uchun mo‘ljallangan aloqa kanallari tashkil etilib, ular to‘g‘risidagi maʼlumotlar tashkilotning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoq kanallarida joylashtirildi.
Kuni kecha Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi qatʼiy siyosatning asosiy maqsadlari va kelgusi vazifalari aniq belgilab berildi.
O‘z navbatida, shuni taʼkidlaymizki, Agentlik:
korrupsion harakatlarning har qanday shakl va ko‘rinishlarini rad etadi;
jamiyatda korrupsiyaga nisbatan keskin murosasizlik shakllanishini taʼminlaydi;
tizimda korrupsiyaning oldini olish va uning kelib chiqish sabablarini bartaraf etishga oid amaliy ishlarni olib boradi;
qonun hujjatlariga qatʼiy rioya qilishga, halollik, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratadi.
Har birimizning fuqarolik burchimiz – korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga ongli ravishda rioya qilishimiz va bunga insoniylik burchimiz sifatida qarashimizdir!
Fursatdan foydalanib, hamkasblarimiz, hamkorlarimiz va yurtdoshlarimizni korrupsiyaga qarshi qonunchilik normalariga og‘ishmay rioya etishga, har qanday korrupsion, manfaatlar to‘qnashuvi va qonunbuzilish holatlari haqida o‘z vaqtida tezkorlik bilan xabar berishda hamjihatlikka chaqiraman.
Hurmat bilan,
Agentlik direktori Sh. Xodjayev
