Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati
2024-10-24 19:15:00 / Yangiliklar

Konstitutsiyada O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qatʼiy belgilab qo‘yildi.
Inson huquq va erkinliklari qonunlarimizning, har bir vazirlik va idora faoliyatining mazmuniga aylanishi qatʼiy talab sifatida belgilandi. Bu hol davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning faqat va faqat fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab faoliyat ko‘rsatishiga asos bo‘ladi.
Binobarin, qonunlardagi ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga hal bo‘lishi shart va zarur. Bunga ko‘ra, inson va davlat o‘rtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar, turli tushunmovchiliklar bartaraf etiladi.
Konstitutsiyada kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha normalar belgilandi. Xususan, Konstitutsiyada har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilandi. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini taʼminlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi. Bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi taʼminlanishi kafolatlandi.
Aholi hayoti va salomatlik darajasini yaxshilashning zaruriy sharti sifatida Konstitutsiyada atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha kompleks choralar belgilandi.
Shu munosabat bilan, davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha choralarni amalga oshiradi, fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlash va atrof-muhitga zararli taʼsir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, degan norma belgilandi. Shaharlarning bosh rejalarini jamoatchilik muhokamasidan majburiy o‘tkazilishi shartligi qayd etildi.
Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga egaligi belgilandi. Taʼlim olish huquqi va imkoniyati kengaytiriladi, o‘qituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ladi. Jumladan, fuqarolarning oliy taʼlim muassasalarida davlat granti hisobidan o‘qish huquqi qatʼiy belgilab qo‘yildi. Asosiy qonunda fuqarolarning bepul boshlang‘ich kasb-hunarga o‘qitilishi ham belgilandi.
Konstitutsiyada davlatning o‘qituvchilar shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati qayd etildi. Oliy taʼlim tashkilotlariga akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqi taqdim etildi.
Inson huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada kuchaytirilmoqdi. Xususan, O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlandi. O‘lim jazosini taqiqlashni konstitutsiyaviy darajada belgilanishi insonni hayotdan hatto davlat ham mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi.
Bundan tashqari, shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi belgilandi. Yaʼni, shaxsning erkinligini cheklash bilan bog‘liq har qanday harakat faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi shart. Ushbu qoida tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish va saqlashga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan. Bu orqali xalqaro eʼtirof etilgan “Xabeas korpus” institutini qo‘llanish ko‘lami yana-da kengaydi.Shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik (xalqaro eʼtirof etilgan “Miranda qoidasi”), sukut saqlash huquqi berildi.
Har kimning yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga ega ekanligi belgilandi. Bunday huquqlarning cheklanishiga yoki uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yilishi belgilab qo‘yildi.
