O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktorining soha xodimlari va aholiga MUROJAATI
2026-02-25 11:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli hamkasblar, aziz yurtdoshlar!
Bugungi kunda mamlakat taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar energetika tizimida ham mutlaqo yangi yondashuv, ochiqlik va javobgarlikni talab etmoqda. Prezidentimiz rahbarliklarida korrupsiyaga qarshi kurashish, uning ildiziga barham berish va jamiyatda halollik muhitini qaror toptirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Korrupsiya — insoniyatga, iqtisodiyotga zarba beradigan, qonun ustuvorligini buzadigan va xalqning davlat siyosatiga ishonchini keskin susaytiradigan xavfli illat sanaladi. Agar uning oldi olinmasa, mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish va milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishga erishib bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashishga doir tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligida ham korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, ushbu ijtimoiy illatning oldini olish va profilaktika qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, Agentlik tomonidan:
- manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish;
- qaror qabul qilishda kollegiallik va shaffoflikni taʼminlash;
- ichki komplayens-nazoratni kuchaytirish;
- elektr energetikasi sohasidagi faoliyat turlarini litsenziyalash jarayonida inson omilini minimallashtirish;
- davlat xaridlarini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish;
- jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kengaytirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Korrupsiya bu nafaqat jinoyat, balki davlat va jamiyat manfaatlariga qarshi harakatdir. U investitsiya muhitiga salbiy taʼsir ko‘rsatib, raqobatni cheklaydi va aholi ishonchini susaytiradi. Shu sababdan korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat — bizning qatʼiy pozitsiyamizni tashkil etadi.
Yaqin istiqbolda bizning ustuvor vazifalarimiz:
- energetika sohasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish;
- sohaga xorijiy va xususiy investitsiyalar kelishini ko‘paytirish;
- narx shakllanishining erkin va shaffof mexanizmlarini joriy qilishga asoslangan elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlarini bosqichma-bosqich shakllantirish;
- raqamli boshqaruvni to‘liq joriy etish;
- korrupsiya xavflarini muntazam baholab borish va ularni minimallashtirish bo‘ladi.
Energetika mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog‘i hisoblanib, sanoat va tadbirkorlik rivoji, aholi farovonligi hamda milliy xavfsizlikning muhim tayanchidir. Shu bois raqobatli energetika bozorini tashkil etishda qabul qilinayotgan har bir qaror qonunchilik va iqtisodiy asoslangan tahlillarga qatʼiy tayanishini talab etadi. Unda shaffoflik va bozor mexanizmlari ustuvor bo‘lmasa, islohotlar samara bermaydi.
Hurmatli hamkasblar, har bir davlat xizmatchisi qonuniylik va adolat tamoyillariga qatʼiy amal qilishi shart, zero olib borilayotgan islohotlarning natijasi, eng avvalo, kadrlarning halolligi va masʼuliyatiga bog‘liq.
Fursatdan foydalanib, hamkasblarimiz, hamkorlarimiz va yurtdoshlarimizni korrupsiyaga qarshi qonunchilik normalariga og‘ishmay rioya etishga hamda har qanday korrupsion, manfaatlar to‘qnashuvi va qonunbuzilish holatlari haqida o‘z vaqtida tezkorlik bilan xabar berishda hamjihatlikka chaqiramiz.
Hurmatli fuqarolar!
Agentlik xodimlarining korrupsiyaviy xatti-harakatlari yoki qonunchilikka zid boshqa huquqbuzarlik holatlariga aloqadorligi yuzasidan maʼlumotga ega bo‘lsangiz, Agentlikning ishonch telefoni 55-520-10-99 (4008) hamda info@emdra.uz elektron pochta manzili orqali murojaat qilishingiz mumkin.
Murojaatlar maxfiyligi kafolatlanadi va ular Agentlik tomonidan tezkor o‘rganilib, zarur choralar ko‘rilishi taʼminlanadi. Korrupsiyaga qarshi kurash — davlat siyosati, jamoatchilik talabi va har birimizning shaxsiy masʼuliyatimizdir.
Sh. Xodjayev
Energetika bozorini rivojlantirish
va tartibga solish agentligi direktori
