Toshkentda O‘zbekiston-Xitoy ikkinchi ta’lim forumi o‘z ishini boshladi
2025-11-01 11:30:00 / Vazirlik yangiliklari
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tashkil etilayotgan xalqaro anjumanda O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutasaddilari hamda 160 dan ortiq ta’lim tashkilotlari rahbarlari, Xitoy Xalq Respublikasi Ta’lim vaziri Xuay Jinpen boshchiligidagi 140 dan ziyod oliy va kasbiy ta’lim muassasalari, kasb-hunar markazlari vakillari ishtirok etmoqda.
Anjuman avvalida mehmonlarga O‘zbekistonning turli hududlariga oid urf-odatlarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar, turli sport o‘yinlari, o‘zbek va xitoy xalqlari milliy raqslari namoyish etildi. Shuningdek, ikki tomon vakillari ekologik barqarorlikni ta’minlash va do‘stona hamkorlik aloqalarining yanada rivojlanishiga bo‘lgan ishonch ramzi sifatida universitet hududiga daraxt ko‘chatlarini ekishdi.
Tadbir davomida “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi, “O‘zbekiston–2030” strategiyasi hamda Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi ta’lim integratsiyasini rivojlantirish doirasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Ma’lumot uchun: Mazkur forum 2024-yil 22–24-yanvar kunlari Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Xitoy birinchi ta’lim forumining uzviy davomi hisoblanadi.










