“O‘zbekistonda biotibbiyot va innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirish” simpoziumi bo‘lib o‘tdi.
2024-04-03 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbir Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Xalqaro ilmiy tashkilotlar alyansi (ANSO), Xitoy kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ushbu simpozium O‘zbekiston va Xitoy davlatlarining eng muhim ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha rivojlanishiga hissa qo‘shib, bilim va tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy olimlari biotibbiyot sohasidagi ilm-fan va texnologiyaning kelajagi haqidagi bilimlari, tajribasi va qarashlari bilan o‘rtoqlashib, ilmiy tadqiqotlarni ilgari surish va zamonaviy dunyo muammolarini yengish uchun innovatsion yechimlarni ishlab chiqishdek umumiy maqsadimizga xizmat qiladi.
Simpoziumda ilm-fan va ta’lim rivojiga qo‘shgan ulkan hissalari uchun Xitoy Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi rahbari, professor Jorj Gaoga O‘zbekiston milliy universiteti faxriy doktorlik unvoni va Xalqaro ilmiy tashkilotlar alyansi (ANSO) vakili Jingxua Kaoga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazining faxriy professori unvoni berildi. Bu unvonlar O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligining mazkur ilm namoyandalariga chuqur hurmat va ularning soha rivoji uchun xizmatlarining e’tirofi ramzidir. Mazkur olimlarning O‘zbekiston akademik jamoasining bir qismiga aylanishi ularning tajribasi va bilimlari bilan O‘zbekiston tadqiqot va ta’lim dasturlarini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
Mazkur simpozium mavzusi – “Innovatsion tadqiqotlar va biotibbiyotni rivojlantirish” nihoyatda dolzarb bo‘lib, davlatimiz bu boradagi ilmiy izlanishlarni faol qo‘llab-quvvatlab, kasalliklarga tashxis qo‘yish, davolash va oldini olishning yangi texnologiya va usullarini yaratishga intilmoqda.
Ta’kidlash joizki, keyingi yillarda O‘zbekistonda biotibbiyot tadqiqotlari sohasida moliyalashtirish sezilarli darajada oshdi, bu esa ilmiy nashrlar ko‘payishiga, biotexnologiya va tibbiyot sohasidagi patentlar sonining ko‘payishiga olib keldi. Bu mamlakatimiz ilm-fanini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarimizning faqat bir qismidir. Hozirda dunyo ilmiy hamjamiyati kasalliklarni davolash, hayot sifatini yaxshilash va uning davomiyligini uzaytirish bo‘yicha yondashuvlarni tubdan o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan yangi kashfiyotlar arafasida turibdi. Turli davlat olimlarning bu yo‘nalishdagi birlashuvi insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shadi.






