OLIY TA’LIM, FAN VA INNOVATSIYALAR VAZIRLIGIDA “OCHIQ ESHIKLAR KUNI”
2023-12-07 13:30:00 / Vazirlik yangiliklari
Unda vazirlik mas’ullari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillari, Toshkentdagi oliy ta’lim muassasalari Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limlari mas’ul xodimlari, talaba-yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni vazirning birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov ochib, tizimda korrupsiyaviy xavflarni aniqlash, oldini olish va bartaraf etish borasida 2023-yilda olib borilgan ishlar haqida to‘xtaldi.
Oliy ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan ishlardan jamoa qoniqmayotganligi, ishlarning samaradorlik darajasi pastligini e’tiborga olib, muvofiq 3 ta oliy ta’lim muassasasining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘lim boshliqlari bilan mehnat shartnomalari bekor qilingani aytildi.
Qayd qilinganidek, joriy yilda talaba-yoshlar va fuqarolardan vazirlikka yo‘llangan turli mazmundagi 56 ta murojaatning 22 tasi vazirlik tomonidan tashkil qilingan aloqa kanallari (telegram kanali, bot va ishonch telefonlari) orqali kelib tushgan.
Ma’lumot o‘rnida, tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish madaniyatini oshirish hamda korrupsiyaviy huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida fuqarolar bilan masofaviy muloqot yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi murojaatlar 55-520-08-08 (179) telefon raqami, anticor@yedu.uz elektron pochta manzili, @YeduuzuniversalBot va @EduAntiCorruptionBot rasmiy telegram botlari orqali ham qabul qilinmoqda.
Ta’lim tizimida korrupsiyaviy xavflarning mavjudligi haqida qo‘shimcha ma’lumotlar olish, korrupsion huquqbuzarliklarni sodir etishga moyilligi bo‘lgan pedagog xodimlarni aniqlash maqsadida 3000 nafardan ortiq talaba orasida anonim so‘rov tadbirlari o‘tkazildi. Anonim so‘rovlar davomida olingan ma’lumotlar OTM korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limlari tomonidan tahlil qilinib, oldini olish maqsadida muassasalar rahbariyatiga tegishli mazmundagi takliflar kiritilgan va ijroga qaratilgan.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlari qiziqtirgan savollari bilan mutaxassislarga yuzlanib, kerakli javoblarni olishdi.
So‘ng qatnashchilar vazirlik faoliyati bilan yaqindan tanishtirilib, har bir departament, boshqarma va bo‘limlarning vazifalari, so‘ngi yillarda ular tomonidan amalga oshirlayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.