Yevropa ittifoqi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi!
2025-04-16 17:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o’rinbosari Shohrux Daliyev 4-5-aprel kunlari ilk marotaba Samarqand shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti doirasida tarixiy kelishuvlarga erishilganini qayd etdi. Xususan, Yevropa Ittifoqining Erasmus+ va Horizon Europe kabi ilg‘or dasturlaridan Markaziy Osiyolik talaba va yosh tadqiqotchilar uchun alohida o'rin ajratilgani, bundan tashqari ikki mintaqa universitetlari o‘rtasida tajriba almashish bo‘yicha boshlangan yangi loyihalar katta natijalarga yo'l ochishini alohida ta'kidladi.
O'z o'rnida delegatsiya rahbari Tomash Zdexovskiy Yevropa Ittifoqi dasturi doirasida yaqin hamkorlik amalga oshirilayotgani, ko‘plab O‘zbekistonlik talabalar Yevropa davlatlarida grant asosida tahsil olayotgani va bu ko’rsatkich bosqichma-bosqich oshirib borilishini bildirdi.
Ikki tomonlama muzokaralar chog’ida manfaatli takliflar ilgari surildi. Jumladan, sohadagi o’zaro hamkorlik aloqalarini yanada chuqurlashtirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yaratish, dual ta'lim bo'yicha birgalikdagi loyihalarni kengaytirish, O'zbek-Fransuz universitetini tashkil etish bo'yicha amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi.
Uchrashuv Yevropa Ittifoqi davlatlari oliy o‘quv yurtlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish va kelgusidagi hamkorlik yo’nalishlarini aniqlab olish uchun qulay imkoniyat yaratdi.






