“Kelajak muhandisi” respublika tanlovida ishtirok eting!
2025-03-20 10:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Hukumatning tegishli qarori bilan 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab, har yili muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha «Eng yaxshi g‘oya», «Eng yaxshi loyiha» va «Eng yaxshi ixtiro» respublika ko‘rik tanlovlari o‘tkaziladi.
Tanlovga muhandislik sohasining asosiy yo‘nalishlari – mexanik muhandislik (mexanik tizimlar va uskunalarni yaratish), elektr muhandisligi (elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash), kompyuter muhandisligi (kompyuter tizimlari va dasturiy ta’minotlarni yaratish), qurilish muhandisligi (inshootlar, ko‘priklar va yo‘llar qurilishi) hamda kimyo muhandisligi (kimyoviy ishlab chiqarish jarayonlari va moddalarni qayta ishlash) bo‘yicha loyhalar topshirish talab etiladi.
Tanlovning «Eng yaxshi g‘oya» yo‘nalishi – muhandislik sohasida ilmiy-innovatsion xarakterga ega bo‘lgan ijodiy g‘oyalarni aniqlash, qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, hali amaliyotga joriy etilmagan, lekin texnologiya yoki muhandislik jarayonlarini takomillashtirishga xizmat qiluvchi konseptual g‘oyalar asosida ishlab chiqilgan prototiplarni taqdim etish nazarda tutilgan. Ko‘rik tanlovning maqsadi innovatsion fikrlarni keng ommaga yetkazish, yosh muhandislar orasida ijodiy yondashuvni rag‘batlantirish va ilg‘or g‘oyalarni amaliy loyihalarga aylantirishdir.
Tanlovning «Eng yaxshi loyiha» yo‘nalishi tayyor yoki loyihalash bosqichida bo‘lgan innovatsion ishlanmalarni aniqlash va rag‘batlantirishga qaratilgan. Bu yo‘nalish doirasida ishtirokchilar o‘z loyihalarini texnik yechimlar, iqtisodiy samaradorlik va amaliy joriy etish imkoniyatlari bilan taqdim etadilar. Loyihalar yangi mahsulotlar, texnologik jarayonlar yoki muhandislik sohasida mavjud jarayonlarni takomillashtirishni o‘z ichiga olishi mumkin. Ko‘rik tanlov qatnashchilaridan loyiha tavsifi, uning texnik jihatlari, asosiy afzalliklari va raqobatbardoshligini ko‘rsatish talab etiladi.
«Eng yaxshi ixtiro» yo‘nalishi esa muhandislik sohasida yangilik sifatida joriy etilgan va amaliyotda qo‘llashga tayyor bo‘lgan ixtirolarni aniqlashga qaratilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda ishtirokchilar tomonidan ishlab chiqilgan va amalda ishlash qobiliyatiga ega bo‘lgan texnologiyalar, mahsulotlar yoki qurilmalar namoyish etiladi.
Tanlovda 40 yoshdan oshmagan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda amaliyotchi muhandislar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
«Talabalar» kategoriyasida oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat hamda magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar; «Professor-o‘qituvchilar» kategoriyasida oliy ta’lim tashkilotlarida faoliyat yurituvchi professor-o‘qituvchilar; «Amaliyotchi muhandislar» kategoriyasida doktorantlar, oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarning tadqiqotchilari, ishlab chiqarish korxonalari va texnoparklar kabi sanoat tashkilotlarining mutaxassislari ishtirok etadi.
Tanlov 3 ta kategoriyaning har birida 3 ta yo‘nalishda o‘tkaziladi. Tanlovga arizalar joriy yilning 31-mart kuniga qadar muhandis.edu.uz veb-sayti orqali onlayn qabul qilinadi.
Tanlov ishtirokchilari tomonidan arizalar belgilangan talablarga muvofiq shakllantirilgan bo‘lishi lozim, shuningdek, ularning mazmuni, maqsadi, dolzarbligi va samaradorligi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar, agar mavjud bo‘lsa, texnik chizmalar, konseptual grafikalar yoki modellar, tadqiqot materiallari, chop etilgan ilmiy maqolalar, patentlar taqdim etilishi lozim.
Tanlovga qabul qilingan g‘oya, loyiha va ixtiro hujjatlarining texnik ekspertizasi Vazirlik tomonidan amalga oshiriladi. Texnik ekspertizani o‘tkazish muddati arizalarni qabul qilish tugagan kundan boshlab o‘ttiz kundan oshmasligi belgilangan. Dastlabki saralash bosqichi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan turli vazirlik, idoralar, ilmiy va ilmiy tadqiqot tashkilotlari bilan kelishuv asosida tuzilgan Ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi.
Tanlovning yakuniy bosqichida Tanlov ishtirokchilari Tanlov komissiyasi oldida o‘z g‘oya, loyiha va ixtirolarining taqdimot (prezentatsiya) ko‘rinishida himoyasini o‘tkazadilar.
Tanlov komissiyasi xulosasiga asosan yakuniy ballari eng yuqori hisoblangan ishtirokchilar g‘olib xisoblanadi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha birinchi o‘rin g‘olibi deb topilgan jami 9 nafar ishtirkchi elektromobil (bazaviy hisoblash miqdorining 700 baravaridan oshmagan qiymatdagi elektromobil) bilan taqdirlanadi.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha ikkinchi o‘rin g‘olibi deb topilgan jami to‘qqiz nafar ishtirokchi hamda «Barqaror rivojlanish uchun eng yaxshi g‘oya/loyiha/ixtiro» nominatsiyasida g‘olib deb topilgan yana bir nafar ishtirokchi rivojlangan xorijiy davlatlarga stajirovkalarga yuboriladi.
Shunday qilib, g‘oya, loyiha va ixtiro mualliflari bo‘lgan eng zo‘r 10 nafar ishtirokchini Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi rivojlangan davlatlarga stajirovkaga yuboriladi.
Stajirovka o‘tash mobaynida tanlov g‘oliblarining belgilangan tartibda ish joyi va lavozimi shu jumladan, o‘rtacha ish haqi saqlanadi. Oliy ta’lim tashkilotlari talabalari esa tegishli fanlardan keyinchalik o‘zlashtirish sharti bilan o‘quv mashg‘ulotlaridan ozod etiladi.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha uchinchi o‘rin g‘olibi deb topilgan jami to‘qqiz nafar ishtirokchining har biri bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Shunday qilib, agar siz muhandislik sohasida yangilik yaratishga qodir bo‘lsangiz, ushbu tanlov sizning g‘oyalaringiz uchun katta maydondir! Elektromobil, xalqaro stajirovkalar va yirik pul mukofotlari – bularning barchasi eng yaxshi loyihalar mualliflarini kutib turibdi. Arizalar muhandis.edu.uz veb-sayti orqali qabul qilinadi.
Tanlovda ishtirok etish ishtiyoqida bo‘lgan barchaga muvaffaqiyatlar tilaymiz!
