O‘zbekiston yashil iqtisodiyot uchun noyob metallar salohiyatini ochib bermoqda
2025-03-18 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun shamol turbinalari, quyosh panellari, elektromobillar akkumulyatorlari va boshqa ekologik toza texnologiyalar ishlab chiqarishda zarur bo‘lgan metallarni yetkazib berish talab etiladi. Tadqiqot natijasida 17 ta strategik muhim elementlar alohida ajratildi, shulardan 10 tasi (Al, C, Co, Li, Mn, Ni, REE, Si, Sn, V) yuqori qazib olish salohiyatiga ega. O‘zbekistonda, ayniqsa, noyob yer elementlariga (REE) qiziqish katta bo‘lib, ular elektron texnika, magnitlar, lazerlar va boshqa ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqarishda keng qo‘llaniladi. Tadqiqot davomida oltin va rangli metall konlarida (Cu, Pb, Zn) uchraydigan uchta qo‘shimcha element (Se, Te, Ge) ham qo‘shildi.
Ushbu metallarning ko‘pchiligi qazib olish jarayonida yuzaga keladigan qo‘shimcha elementlar bo‘lib, zaxiralarni baholashda avvallari hisobga olinmagan. Bu bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida mavjud va yangi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan o‘ta muhim elementlar bo‘yicha geoma’lumotlar bazasi yaratildi.
Tadqiqot doirasida mineralogik, geokimyoviy, geoxronologik va metallogenik tahlillar o‘tkazildi. Bu esa quyidagi muhim elementlar uchun istiqbolli hududlarni aniqlash imkonini berdi:
• Noyob yer metallari (REE) – Olmaliq, Aytim va Xondiza hududlarida;
• Mis (Cu), molibden (Mo), reniy (Re), selen (Se), tellur (Te) – Olmaliq, Aytim, Xondiza va Bobotog‘ hududlarida;
• Grafit – Tasqazg‘an va Aytim konlarida;
• Kvars – Oqbuyra va Tozbuloq hududlarida;
• Kadmiy va selen – Uchquloch konlarida;
• Marganes – Dovtosh va Taxtaqoracha konlarida.
Olingan ma’lumotlar O‘zbekistonning geologik manzarasiga muhim hissa qo‘shdi va noyob metallarga boy intruziv tog‘ jinslarining metallogenik salohiyatini namoyon qildi. Xususan, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar uchun muhim bo‘lgan strategik metallar zaxiralarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi. Tadqiqot natijalari Applied Earth Science (Taylor & Francis) xalqaro jurnalida chop etildi va Mineral Deposits Study Group (MDSG) hamda Society of Economic Geologists (SEG) xalqaro konferensiyalarida taqdim etildi.
ESG tahlil va sarmoyadorlar uchun imkoniyatlar
O‘zbekistonda ilk bor ESG-tahlil (ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) o‘tkazildi. Unda tanqis metallar, xususan, noyob yer metallarini qazib olish jamiyat tomonidan qanday qabul qilinishini va ularning yashil iqtisodiyotdagi o‘rni aks ettirildi. Ushbu ma’lumotlar investorlarga ekologik va ijtimoiy xatarlarni baholash hamda qazib olish loyihalariga jamoatchilik ko‘magini aniqlash imkonini beradi.
Barqaror rivojlanishga yangi qadam
O‘zbekiston noyob yer metallarini qazib olish bo‘yicha katta salohiyatga ega bo‘lib, bu uning jahon bozoridagi pozitsiyasini mustahkamlashi mumkin. Ushbu sohani rivojlantirish yangi ish o‘rinlari yaratilishi, sarmoyalarni jalb qilish va texnologik taraqqiyotga xizmat qiladi. Loyiha doirasida mamlakatda ilk bor tanqis elementlar bo‘yicha geoma’lumotlar bazasi – sarmoyadorlar uchun "Istiqbolli konlar xaritasi" ishlab chiqildi.
Loyiha natijalari O‘zbekistonning Kritik muhim metallar strategiyasini shakllantirish uchun asos yaratadi. Ilg‘or geologik ma’lumotlar mamlakatga strategik qarorlar qabul qilish, xususiy investorlarga esa qazib olish va qayta ishlash korxonalarini rivojlantirish imkonini beradi. O‘zbekiston noyob yer metallari yetkazib berish bo‘yicha jahon bozorida muhim o‘rin egallash orqali iqtisodiy barqarorlikka erishadi.






