Poytaxtimizning Talabalar shaharchasidagi yotoqxonalarga press-tur tashkil etildi
2023-10-11 15:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Press-tur ishtirokchilariga Toshkent davlat texnika universitetiga qarashli foydalanishga topshirilayotgan zamonaviy talabalar turar joyi namoyish etildi. Mazkur talabalar turar joyi Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlari natijasida bo‘shagan maʼmuriy binoni qayta rekonstruksiya qilish orqali barpo etildi. Yangi taʼmirdan chiqqan 800 o‘ringa mo‘ljallangan 75-sonli yotoqxonani foydalanishga topshirish orqali 5202 nafar talaba turar joy bilan taʼminlanadi.
Mazkur talabalar turar joyida talabalarning ovqatlanishlari uchun zamonaviy oshxona, darsliklar, badiiy va ilmiy, maʼrifiy adabiyotlar bilan boyitilgan maʼnaviyat xonasi, talabalarning axborot kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha bilim va malakalarini oshirishlari uchun eng zamonaviy turdagi kompyuterlar bilan jihozlangan kompyuter xonasi, kir yuvish va yuvinish xonalari mavjud.
Press-tur davomida, shuningdek, Turin politexnika universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti, O‘zbekiston Milliy universitetining hozirda talabalar foydalanayotgan yotoqxonalari, shuningdek, Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent Moliya institutining yangi qurilayotgan talabalar turar joylari binolarining qurilish ishlari namoyish etildi.
Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida Respublikamiz uzoq hududlaridan hamda xorijiy davlatlardan kelib tahsil olayotgan talaba-yoshlar 160 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxonada istiqomat qiladilar. Talabalar turar joyidagi xonalar barcha kerakli jihozlar: kir yuvish mashinalari, taom tayyorlash uchun plita, mikroto‘lqinli pech, ovqatlanish xonasi bilan taʼminlangan. Talabalar bo‘sh vaqtlarini foydali o‘tkazishlari uchun yotoqxonada kutubxona, hamda Wi-Fi nuqtalari ham mavjud.
Talabalar shaharchasida istiqomat qiladigan yoshlarning darsdan so‘ng bo‘sh vaqtlarini samarali o‘tkazish uchun shaxmat-shashka, kurash, futbol, voleybol, stol tennisi kabi sport to‘garaklari muntazam ravishda tashkil etilgan.
Taʼkidlash joizki, bugungi kunda Respublikamizdagi 115 ta davlat oliygohlarida jami 325 ta talabalar turar joylari mavjud bo‘lib, ularning sig‘imi 118 166 o‘rinni tashkil etadi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan dastur asosda yangi yotoqxonalarni qurish, rekonstruksiya qilish ishlari davom etmoqda.
Dasturga muvofiq 2026 yilga qadar respublika bo‘yicha 100 ming o‘ringa ega talabalar turar joyini barpo etish belgilangan.
Dastur qabul qilinganidan buyon 26 987 o‘rinli 58 ta yotoqxona qurilib, foydalanishga topshirildi.
Respublika miqyosida 39 353 o‘rinli 86 ta talabalar turar joylarini barpo etish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Ulardan 19 679 o‘rinli 44 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida, 9 940 o‘rinli 20 tasi oliygoh va byudjet mablag‘lari, oliygohlarning to‘liq o‘z mablag‘lari hamda investitsiya dasturi doirasida barpo etiladi. Ayni paytda 25 169 o‘rinli 53 ta talabalar turar joylarini qurish ishlari olib borilmoqda.
Yil yakuniga qadar davlat dasturida belgilangan 18 ming o‘rinli talabalar turar joylari qurib foydalanishga topshiriladi.
Joriy yilning o‘zida respublika bo‘yicha jami 9 734 o‘rinli 22 ta talabalar turar joylari foydalanishga topshirildi.









