Nukus davlat pedagogika institutining 90 yilligi nishonlandi
2024-10-31 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Bugun, 31-oktabr kuni Nukus shahrida Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi dastlabki oliy taʼlim muassasasi Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining 90 yilligiga bagʻishlangan “Qoraqalpogʻistondagi birinchi ilm-bilim dargohiga 90 yil!” mavzusidagi respublika anjumani va konsert dasturi boʻlib oʻtdi.

Anjuman institut tarixi, bugungi muvaffaqiyatlari, taʼlim muassasasi jamoasining ilmiy-pedagogik yoʻnalishda amalga oshirayotgan ishlarining koʻrgazmasi bilan boshlandi. Institut hayotidan tayyorlangan videofilm tadbir ishtirokchilari eʼtiboriga havola qilindi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutasaddilari, xorijiy davlatlardan, shuningdek, respublikamizdagi ilgʻor oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari, professorlar, mashhur ijodkorlar, koʻp yillar davomida davlat va jamoat ishlarida faoliyat yuritgan nuroniy ustozlar, institut professor-oʻqituvchilari va talabalari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev soʻzga chiqib, tadbir ishtirokchilarini pedagogika institutining tashkil etilganiga 90 yil toʻlishi munosabati bilan tabrikladi hamda institutda koʻp yillardan buyon samarali mehnat qilib, ilm-fan, taʼlim va yoshlar tarbiyasida oʻz vazifalarini fidokorona bajarib kelayotgan bir guruh pedagog xodimlarga faxriy unvon va koʻkrak nishonlarini topshirdi.
Maʼruzachilar hamda soʻzga chiqqanlar Qoraqalpogʻistonda pedagogika instituti ochilishining tarixiy ahamiyati, hozirgi davrda taʼlim sohasiga kadrlar tayyorlashning asosiy yoʻnalishlari haqida maʼlumotlar berdi.
Anjumanning asosiy qismidan soʻng institutning “Tumaris” xalq ansambli hamda qobiliyatli talabalari, shuningdek, sanʼat ustalarining ijrosidagi konsert dasturi ishtirokchilarning eʼtiboriga havola qilindi.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti matbuot xizmati.









