Vazir Chirchiq davlat pedagogika universiteti faoliyati bilan tanishdi
2024-10-17 15:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Dastlab universitetni rivojlantirish strategiyasi, pedagogik taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqbolli rejalar taqdimot qilindi. Soʻngra, oliygohdagi oʻquv laboratoriyalari, amaliy sanʼat namunalari va ijodiy ishlar koʻrgazmasi, ochiq osmon ostidagi kreativ park va unda tashkil etilgan taʼlim markazi namoyish etildi.
Tashrif davomida“Vazir va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi. Unda Q. Sharipov universitet yoshlarining fikr-mulohazalari, muammo va takliflarini tingladi. Samimiy ruhda kechgan tadbir davomida talabalarning innovatsion dasturlarini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Q. Sharipov Chirchiq davlat pedagogika universitetida kadrlar tayyorlash jarayonini yuqori baholadi. Uning taʼkidlashicha, bu yerdagi talabalarning bilimga chanqoqligi ularning yonib turgan koʻzlaridan yaqqol seziladi.
Q. Sharipov universitetning pedagogik taʼlimni yanada rivojlantirish zarurligini taʼkidlab, bilim va koʻnikmalarni takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashishda befarq bo‘lmaslik, islohotlar jarayonida faol harakat qilish kerakligini qayd etdi. Oʻzaro samimiy muloqot chogʻida vazir sifatli taʼlim uchun yaratilayotgan ushbu sharoitlar oliygoh yoshlarining kelgusida bilimli va dunyoqarashi keng kadrlar sifatida kamol topishini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, universitetda yangi qurilayotgan oʻquv binolari, joriy oʻquv yili arafasida topshirilgan 710 oʻrinli talabalar turar joyi va talabalar shaharchasi ko‘zdan kechirildi.









