OROL FOJIASI – GLOBAL SABOQ
2026-04-20 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Darhaqiqat, tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, XX asrning ikkinchi yarmida qabul qilingan noto‘g‘ri qarorlar natijasida ulkan ekologik falokat yuzaga keldi. Xususan, Amudaryo va Sirdaryo daryolari suvlarining katta qismi suni‘y ravishda qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirildi. Bu esa tabiiy muvozanatning buzilishiga, Orol dengiziga quyiladigan suv hajmining keskin kamayishiga va oxir-oqibat uning qurib borishiga olib keldi.
Natijada esa, bugun biz guvoh bo‘layotgan holat – nafaqat ekologik, balki ijtimoiy-iqtisodiy inqirozdir. Orolning qurigan tubi minglab kvadrat kilometr maydonda changli cho‘l zonasi Orolqumga aylangan. Endilikda kuchli shamollar bu hududdan ko‘tarilgan, chang va tuzli qum bo‘ronlarini minglab kilometr masofagacha tarqatmoqda. Aytish mumkinki, bu jarayon nafaqat mintaqa, balki ekologik inqirozning global xarakterga ega ekanini ko‘rsatadi. Eng achinarlisi shundaki, bu ofat eng avvalo, oddiy insonlar hayotiga bevosita ta‘sir ko‘rsatmoqda.
Orolbo‘yi atrofidagi hududlarda yuz bergan ekologik inqiroz butun mintaqa iqlimiga, aholi sog‘lig‘iga ta‘sir qilmoqda. Bolalar va keksalar orasida nafas yo‘llari kasalliklari, allergiyalar, anemiya, yurak-qon tomir tizimi muammolari keng tarqalgan. Shu o‘rinda aytish kerakki, ekologik muammo allaqachon insoniy muammoga aylanib ulgurgan. Zero, tabiatdagi har qanday o‘zgarish, avvalo, inson hayotida aks etadi.
Bundan tashqari, iqtisodiy jihatdan ham vaziyat og‘ir. Ilgari gullab-yashnagan iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari (baliqchilik xo‘jaliklari) yo‘qotilishiga yuz tutdi. Qishloq xo‘jaligida esa tuproqning sho‘rlanishi va suv yetishmasligi sababli hosildorlik keskin pasaydi. Bu esa oziq-ovqat xavfsizligi, aholi daromadlari va umumiy turmush darajasiga salbiy ta‘sir ko‘rsatadi. Shu boisdan ham Orol fojiasi faqat ekologik emas, balki kompleks ijtimoiy-iqtisodiy muammo sifatida qaralmoqda.
Shu murakkab sharoitda so‘nggi yillarda muammoni yumshatish va hududni tiklashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora tadbirlar ishlab chiqildi. Bu borada qurigan dengiz tubida millionlab daraxtlar ekilib, yashil qoplama barpo etilmoqda. Bu esa chang-to‘zonlarning oldini olish va ekologik muvozanatni tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bundan tashqari, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasiga alohida e‘tibor qaratilmoqda. Zamonaviy sug‘orish texnologiyalari, xususan, tomchilatib sug‘orish usullari joriy etilmoqda. Bu esa suv sarfini sezilarli darajada kamaytirish imkonini bermoqda. Ayni paytda, qishloq xo‘jaligida yangi, kam suv talab qiladigan va sho‘rga chidamli ekin turlarini joriy etish ishlari ham olib borilmoqda.
Albatta, bu borada xalqaro hamkorlik ham muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan birgalikda Orol muammosiga global e‘tibor qaratish, investitsiyalar jalb qilish va ekologik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha faol ishlar olib bormoqda. Bu esa muammoning nafaqat mintaqaviy, balki global darajada tan olinganidan dalolat beradi.
Kelajakka nazar tashlaydigan bo‘lsak, Orol dengizini to‘liq tiklash deyarli imkonsiz ekani ayon. Biroq, bu holat umidsizlikka sabab bo‘lishi kerak emas. Aksincha, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanib, uning salbiy oqibatlarini kamaytirish, hududni qayta tiklash va aholi uchun munosib hayot sharoitlarini yaratish mumkin. Hozirgi asosiy strategik yo‘nalish – bu Orol inqirozining oqibatlarini yumshatish, ekologik muvozanatini tiklash, mintaqaviy aholini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab quvvatlash va barqaror yashash sharoitlarini yaratishdan iborat.
Bugungi kunda Orol dengizi bilan bog‘liq muammolarni hal etishda faqat ekologik choralar bilan cheklanib qolish yetarli emasligi tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Zero, bu hududning kelajagi ko‘p jihatdan uning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish modeli bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu nuqtaiy nazardan qaraganda, Orolbo‘yi mintaqasida hududni faqat an’anaviy qishloq xo‘jaligiga bog‘lab qo‘ymasdan, yangi va zamonaviy iqtisodiy yo‘nalishlarni rivojlantirish zarur. Xususan, yashil energetika – quyosh va shamol energiyasidan foydalanish, ekologik turizmni rivojlantirish, shuningdek biologik resurslarni qayta tiklashga asoslangan loyihalarni amalga oshirish hududning iqtisodiy barqarorligini ta‘minlashga xizmat qiladi. Bu nafaqat yangi ish o‘rinlari yaratadi, balki mintaqaning investitsion jozibadorligini ham oshiradi.
Shu bilan birga, ekologik muammolarni hal qilishda inson omilining o‘rni beqiyos ekanini unutmaslik lozim. Faqat texnik va infratuzilmaviy yechimlar bilan muammoni bartaraf etish mushkul. Bu jarayonda bilimli, ekologik madaniyatga ega jamiyatni shakllantirish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, yoshlar ongida “yashil tafakkur”ni rivojlantirish, ekologik ongni oshirish va ta‘lim tizimida ushbu masalalarga ustuvor e‘tibor qaratish bugungi kunning muhim talabidir. Chunki ertangi kun egalari aynan bugungi yoshlar bo‘lib, ular tabiatga qanday munosabatda bo‘lsa, kelajak ham shunga monand shakllanadi.
Ayni paytda, Orolbo‘yi hududiga yangicha nigoh bilan qarash, uni muammoli hudud sifatida emas, balki imkoniyatlar makoni sifatida talqin etish ham muhimdir. Xususan, ushbu hududni innovatsion platformaga aylantirish g‘oyasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ya’ni Orolbo‘yi ekologik innovatsion texnologiyalar, suv tejovchi tizimlar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va boshqa ilg‘or yechimlar sinovdan o‘tkaziladigan “tajriba maydoni”ga aylanishi mumkin. Bu esa nafaqat hudud muammolarini hal qilishga xizmat qiladi, balki ilm-fan va texnologiya rivojiga ham kuchli turtki beradi.
Bundan tashqari, muammoni chuqurroq anglash va samarali yechimlar ishlab chiqishda xalqaro tajribani o‘rganish ham muhim ahamiyatga ega. Dunyoning turli mintaqalarida yuzaga kelgan o‘xshash ekologik inqirozlar – qurigan ko‘llar, qisqargan suv havzalari tajribasi Orol fojiasi bilan qiyosiy tahlil qilinishi mumkin. Bu orqali umumiy qonuniyatlar, xato-kamchiliklar, shu bilan birga muvaffaqiyatli yechimlar ham aniqlanadi, natijada yanada asosli va samarali strategiyalar ishlab chiqish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Shu bilan birga, ekologik muammolarni hal etishda fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, volontyorlar va oddiy fuqarolarning faol ishtiroki muhim o‘rin tutadi. Chunki ekologiya – bu umumiy masala, u har bir insonning hayoti va kelajagi bilan bevosita bog‘liqdir. Aholining ekologik tashabbuslarda ishtirok etishi, atrof-muhitni muhofaza qilishga bo‘lgan masuliyat hissining ortishi barqaror rivojlanishning muhim shartlaridan biridir.
Eng muhimi esa – inson ongining o‘zgarishidir. Chunki har qanday ekologik muammoning ildizi inson faoliyatiga borib taqaladi. Demak, yechim ham aynan inson qo‘lidadir. Suvni tejash, tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish, ekologik madaniyatni oshirish – bular oddiy ko‘ringani bilan nihoyatda muhim qadriyatlardir.
Darhaqiqat, Orol dengizi fojiasi – bu ogohlantiruvchi signal, saboq va sinovdir. U bizga shuni anglatadiki, tabiat bilan muvozanatni buzish oqibatlari juda qimmatga tushadi. Endilikda esa asosiy vazifa – o‘tmish xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib, kelajak uchun mas’uliyat bilan yashashdir. Zero, tabiatni asrash – bu nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlodlar oldidagi muqaddas burchimizdir.
Shirin Bobojonova,
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti kafedrasi mudiri, dotsen
