Rasmiy munosabat
2026-03-27 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur murojaatda koʻtarilgan masalalar, xususan pedagoglar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzish amaliyoti haqiqatdan ham tizimli xususiyatga ega boʻlib, ayni paytda normativ-huquqiy hujjatlar oʻrtasidagi ayrim ziddiyatlar bilan bogʻliq.
Shu munosabat bilan, Oliy taʼlim tizimini transformatsiya qilishga qaratilgan Farmon loyihasida ushbu masalaga huquqiy aniqlik kiritish, yaʼni pedagog xodimlar bilan mehnat munosabatlarini qonunchilikda toʻliq va yagona tartibda aks ettirish nazarda tutilgan.
Mazkur Farmon qabul qilinib, amaliyotga joriy etilgandan soʻng, ushbu yoʻnalish boʻyicha aniq pozitsiya va tushuntirishlar berilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Shu bilan birga, ilmiy nashrlar, jumladan Scopus va boshqa xalqaro maʼlumotlar bazalarida maqola chop etish masalasiga toʻxtaladigan boʻlsak, bugungi kunda mazkur talablar oliy taʼlim muassasalarining xalqaro raqobatbardoshligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xalqaro reyting tizimlarida, jumladan QS reytinglarida, universitetlar faoliyatini baholashda ilmiy natijalar, maqolalar soni, iqtiboslar va olimlarning H-indeksi kabi koʻrsatkichlar hal qiluvchi oʻrin tutadi. Bu koʻrsatkichlar esa bevosita xalqaro ilmiy bazalarda chop etilgan maqolalar bilan bogʻliq.
Shu nuqtayi nazardan, xalqaro jurnallarda maqola chop etish boʻyicha talablar maʼmuriy bosim emas, balki milliy oliy taʼlim tizimini global ilm-fan maydonida munosib oʻrin egallashini taʼminlashga qaratilgan strategik zaruratdir.
Albatta, ayrim hollarda mazkur talablarni amalga oshirishda sifatdan koʻra songa ustuvorlik berish kabi muammolar kuzatilishi mumkin. Biroq bunday holatlar tizimning oʻziga emas, balki uning ayrim joylarda notoʻgʻri qoʻllanilishiga bogʻliq.
Shu sababli, asosiy eʼtiborni talablarni bekor qilishga emas, balki ularni sifat mezonlari asosida takomillashtirish, ilmiy etika va nashr madaniyatini kuchaytirishga qaratish maqsadga muvofiqdir.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar
vazirligi Axborot xizmati
