Nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyatda faolligini oshirishga barchamiz birdek mas’ulmiz – vazir
2023-04-20 11:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Dastlab vazir markaz sharoiti bilan tanishib, imkoniyati cheklangan yoshlar erishgan yutuqlar ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi. O‘zbekiston-Belarus qo‘shma amaliy-texnik kvalifikatsiyalari instituti ixtirochi talabalari tomonidan ishlab chiqilgan imo-ishora tilida gapiradigan shaxslarning malakasini internetdan foydalangan holda oshirish imkonini beradigan axborot tizimi, ular o‘zaro muloqot qilishlari uchun imo-ishora tilini matnga va matnni imo-ishora tiliga o‘girib beradigan dastur hamda ko‘zi ojizlar uchun maxsus yaratilgan Brayl alifbosidagi ma’lumotni elektron tarzda ko‘rsatib beradigan qurilma loyihalari bilan tanishdi. Loyihalar bo‘yicha fikr almashilib, ularni moliyalashtirish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.
Eshitishi va nutqida nuqsoni bo‘lganlar bilan uchrashuv davomida vazir ijtimoiy himoyaga muhtoj har bir inson jamiyatda o‘z o‘rni va qadriga ega ekanligini aytib, bu borada ko‘plab amaliy ishlar qilingani va yana hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalarga to‘xtaldi.
Karlar jamiyati raisi G.Shodiyeva so‘nggi yillarda imo-ishora tili tarjimonlari va yangi sohalar bo‘yicha pedagoglarni tayyorlashga katta ehtiyoj borligini ta’kidladi. Shu jihatdan ko‘mak berilsa, salohiyatli kadrlar, jamiyat va xalqqa foydasi tegadigan mutaxassislar yetishib chiqadi. Buning natijasida eshitishi va gapirishida nuqsoni bo‘lgan shaxslarning bilim va axborotlarni olish, fikrini keng jamoatchilikka yetkazish imkoniyati kengayadi, ularning hayot sifati yaxshilanadi.
Vazir bu taklif yuzasidan hozirda barcha davlat oliy ta’lim muassasalarida eshitish va so‘zlashda nuqsoni bor shaxslar uchun tarjimon va pedagoglar tayyorlaydigan kurslar faoliyati yo‘lga qo‘yilganini va ular qisqa muddatlarda turli sohalar uchun sifatli kadr tayyorlab berishini qayd etdi. Shuningdek, madaniy yodgorliklar mavjud shaharlarda yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlarni tariximiz bilan tanishtiradigan surdo-gidlarga ehtiyoj borligi aytilib, bunday kurslarga yoshlar taklif etildi.
Qatnashchilarni qiynab kelayotgan masalalar, oliy ta’lim muassasalarida uchraydigan ular bilan bog‘liq muammolar, surdopedagogika bo‘yicha yechimini kutayotgan savollar va fikrlar tinglandi. Ularning yechimi bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish, xususan, nutqida nuqsoni bo‘lgan OTM bitiruvchilarini turli ilmiy va amaliy loyihalarga jalb qilish, maxsus maktablarda surdo-pedagog sifatida ishga joylash va ularni imtiyoz asosida magistraturaga qabul qilish yuzasidan tegishli tashkiliy masalalar yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
“Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda faolligini oshirishga barchamiz birdek mas’ulmiz, – dedi vazir.
Tadbir yakunida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri tomonidan iqtidorli yoshlarni o‘qitish uchun Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi Milliy ofisida tashkil etilgan “Kelajak kasblari” o‘quv dasturida qatnashish uchun sertifikatlar hamda esdalik sovg‘alari taqdim etildi.




