Samarqand viloyatida fuqarolar va nuroniylar uchun iftorlik dasturxonlari tashkil etilmoqda
2026-03-05 07:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Ramazon oyi munosabati bilan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Samarqand viloyatida Ijtimoiy himoya yagona reestriga kiritilgan fuqarolar hamda nuroniylar uchun iftorlik dasturxonlari tashkil etilmoqda.

Mazkur xayrli tadbirlar Urgut, Samarqand va Toyloq tumanlari hamda Samarqand shahrida oʻtkazilib, ularda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar va nuroniylar ishtirok etmoqda. Tashkil etilgan iftorlik dasturxonlari orqali jami 2000 nafarga yaqin fuqaro qamrab olinishi koʻzda tutilgan.
Shuningdek, iftorlik tadbirlarining birida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov ham ishtirok etib, fuqarolar bilan muloqot qildi va ularni muborak Ramazon oyi bilan tabrikladi.
Bu kabi ezgu tashabbuslar Ramazon oyining insonparvarlik va saxovat ruhini yanada mustahkamlab, jamiyatda mehr-oqibat muhitini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.









