SEHRLI DIYOR ENDI AFSONA EMAS – HAMKOR MAMLAKAT
2026-02-24 11:10:00 / Vazirlik yangiliklari

«Amerika — sehrli diyor». Bu iborani yoshlikda o‘qilgan she’rlar, qo‘shiqlar va kitoblar orqali his qilgan avlod bor. Ufq ortidagi qudratli mamlakat — go‘yo qo‘l uzatsang yetmaydigan yulduz, yaqinlashib bo‘lmaydigan quyoshdek tuyular edi. Amerika tasavvurimizda ilmiy salohiyat, texnika, erkinlik va orzular mamlakati sifatida yashardi. U yerga borish, u yerda o‘qish yoki ishlash ko‘pchilik uchun faqat xayol, afsona edi.
Bugun esa Amerika Qo‘shma Shtatlari afsona emas. AQSHga qonuniy yo‘llar — ta’lim, mehnat, grin-karta va ilmiy dasturlar orqali borib, hayot kechirish mumkin. Ammo davlat nuqtayi nazaridan qaralganda, masala faqat shaxsiy imkoniyatlar bilan cheklanib qolmaydi. Asosiy yutuq — iqtisodiy sherikchilik, uzoq istiqbolga mo‘ljallangan diplomatik munosabatlar va xalqaro siyosiy ishonchdir. Ayniqsa, AQSH Prezidentining O‘zbekiston Prezidentini davlat rahbari sifatida oliy darajadagi uchrashuvga taklif qilishi, ko‘p tomonlama kelishuvlarni imzolashi, mavjud hamkorlikni kengaytirishi va xalqaro maydonlarda uni “do‘st” deb e’tirof etishi — bu O‘zbekiston davlatchiligi tarixidagi muhim, ramziy va amaliy yutuqlardan biri, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Joriy yil 18-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan AQSHga amaliy tashrif bilan bordi.
Oliy darajadagi tashrif nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqotning navbatdagi bosqichi, balki O‘zbekiston–AQSH munosabatlarida inson kapitali, oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar tobora markaziy o‘rin egallayotganini yaqqol namoyon etgan voqeaga aylandi.
Vashington shahrida o‘tkazilgan, ta’sischi davlatlaridan biri O‘zbekiston bo‘lgan Tinchlik kengashining birinchi sammiti global xavfsizlik, mintaqaviy barqarorlik va mojarolardan keyingi tiklanish masalalari bilan bir qatorda, zamonaviy dunyoda bilim, tafakkur va ilmiy yondashuvning strategik ahamiyatini ham ochib berdi. Asr sammiti O‘zbekistonning faqat mintaqaviy emas, balki global jarayonlarda ham mas’uliyatli va faol ishtirokchiga aylanganini ko‘rsatdi.
Ta’kidlash joizki, tashrifning ilk kunlaridanoq iqtisodiy hamkorlik masalalari markaziy o‘ringa chiqdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSH savdo vaziri Xovard Latnik bilan uchrashuvida ma’lum qilinganidek, bugun O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 1 milliard dollardan oshib ketgan, mamlakatimiz bozorida esa 340 ga yaqin amerikalik kompaniya faoliyat yuritmoqda. Energetika, o‘ta muhim minerallar, transport, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va sanoat infratuzilmasi sohalarida qiymati 35 milliard dollar bo‘lgan uch yillik Iqtisodiy hamkorlik dasturi amal qilmoqda. Bunday ko‘lamdagi loyihalar esa o‘z-o‘zidan yuqori malakali muhandislar, iqtisodchilar, moliyachilar va raqamli texnologiyalar mutaxassislariga bo‘lgan talabni keskin oshirmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, oliy darajadagi davlat tashrifi doirasida AQSHning asosiy moliyaviy institutlari bilan O‘zbekiston delegatsiyasi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar oliy ta’lim va ilm-fan uchun alohida ahamiyat kasb etdi. Xususan, AQSH Eksport-import banki, Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda yirik sanoat va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish bilan bir qatorda, yuqori texnologiyali uskunalarni joriy etish, tadqiqot markazlari va universitetlar bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida Investitsiya platformasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolanishi oliy ta’lim muassasalari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda universitetlar ilmiy g‘oyalarni amaliy loyihalarga aylantirishda xalqaro moliya institutlari bilan bevosita ishlash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning AQSH savdo vakili Jeymison Grir bilan uchrashuvida ham kadrlar tayyorlash masalasi bilvosita, ammo aniq his etildi. Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash, texnik tartibga solish, raqamli savdo va logistika sohalaridagi hamkorlik mamlakatimiz oliy ta’lim tizimidan mutlaqo yangi kompetensiyalarga ega mutaxassislar yetishtirishni talab qiladi. Oliy ta’limga qaratilgan talablar iqtisodiy islohotlar bilan ta’lim siyosati o‘rtasidagi bog‘liqlik qanchalik mustahkam ekanini ko‘rsatadi.
Shuningdek, Vashingtonda o‘tkazilgan qo‘shma loyihalar taqdimoti va ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimida «Djon Dir», «Valmont Indastriz», «Galf Oyl», «BlekRok Faynanshl Markets Edvayzori», «Oppenxaymer» kabi yetakchi kompaniyalar rahbarlarining ishtirok etishi ham bejiz emas. Mazkur kompaniyalar zamonaviy ishlab chiqarish madaniyati, ilmiy yondashuv va yuqori bilimga tayanadigan kadrlar orqali rivoj topgan. Demak, O‘zbekiston uchun bunday hamkorliklar nafaqat investitsiya, balki bilim transferi manbai ham hisoblanadi, deyish mumkin.
Tashrifning siyosiy qismi esa Tinchlik kengashining birinchi sammitida o‘z ifodasini topdi. AQSH Tinchlik institutida bo‘lib o‘tgan yig‘inda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev G‘azo mintaqasini tiklash, gumanitar yordam va barqaror taraqqiyot masalalari haqida so‘z yuritar ekan, O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyat oldidagi mas’uliyatli pozitsiyasini namoyon qildi. Oliy darajadagi chiqish O‘zbekiston tashqi siyosatida insonparvarlik, ilm-fan va barqaror rivojlanish g‘oyalari muhim o‘rin tutayotganini ko‘rsatdi.
Mazkur oliy darajadagi tashrif O‘zbekiston tashqi siyosatining sifat jihatdan yangi bosqichga chiqqanini ko‘rsatmoqda. Mamlakat xalqaro munosabatlarda qisqa muddatli yoki bir tomonlama manfaatlardan voz kechib, global siyosiy va iqtisodiy jarayonlarga mos ravishda, bilim, texnologiya va inson kapitaliga tayanadigan barqaror hamkorlik modelini shakllantirmoqda. Binobarin, tashqi aloqalar milliy taraqqiyotning uzoq istiqbolli maqsadlari bilan bog‘lanib, davlat siyosatida tizimlilikni ta’minlamoqda.
Xalqaro sheriklik munosabatlari endilikda savdo yoki diplomatik muloqot bilan cheklanmay, ta’lim, ilm-fan, innovatsiya va texnologiyalar sohalarida chuqur hamkorlikni talab etmoqda. Ilm-fanga va institutsionalizmga asoslangan hamkorlik iqtisodiyotni yuqori qo‘shilgan qiymat asosida rivojlantirish va yangi tarmoqlarni shakllantirish uchun muhim sharoit yaratadi.
Ta’lim sohasidagi hamkorlik allaqachon amaliy natijalar bermoqda. Toshkentda faoliyat yuritayotgan Webster University — O‘zbekistondagi ilk amerikalik universitet filiali sifatida bugungi kunda o‘quv dasturlarini izchil kengaytirib, talabalar sonini yil sayin oshirmoqda. Uning muvaffaqiyati mamlakatimizda amerikalik oliy ta’lim modelining barqaror va samarali ishlayotganini ko‘rsatib, boshqa universitetlar uchun ham ilhom manbai bo‘ldi. Shuningdek, AQSHning Amerika texnologiyalar universiteti tashkil etilgani texnik, muhandislik, energetika, arxitektura va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarini ikki davlat hamkorligining ustuvor sohalari sifatida belgilab berdi. Bugun O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ta’limiy sheriklik faqat til o‘rgatish yoki talabalar almashinuvi bilan cheklanmay, ilmiy-tadqiqot loyihalari, startaplar, innovatsion laboratoriyalar, sun’iy intellekt va “yashil texnologiyalar” bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni qamrab olmoqda. Ayni paytda mamlakatimizda 40 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi 25 dan ziyod amerikalik universitet va ilmiy markazlar bilan memorandum asosida hamkorlik qilib, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, qo‘shma tadqiqotlar va ilmiy konferensiyalar o‘tkazishni tizimli yo‘lga qo‘ygan.
Mamlakat taraqqiyotida ta’lim va inson kapitali rivoji hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar mamlakat taraqqiyotining asosiy tayanchiga aylanmoqda. Universitetlararo akademik almashinuv va ilmiy tadqiqot ishlarini keng yo‘lga qo‘yilayotgani bilim berish bilan birga, ilmiy g‘oyalar va innovatsion yechimlar yaratiladigan hamkorlik muhiti sifatida shakllanmoqda. Oliy ta’lim tizimining ustuvor vazifasi esa xalqaro standartlarga mos, mustaqil fikrlaydigan va raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashdan iborat.
Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV,
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri
