TURKSOYda Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi nishonlandi
2026-02-14 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Nufuzli anjumanda turkiy dunyo mamlakatlarining ilm-fan, adabiyot va diplomatiya sohasi vakillari ishtirok etdi. Xususan, Qozog‘istonning Anqaradagi elchisi Yerkebulan Sapiyev, Turkmanistonning Anqaradagi elchisi Mekan Ishanguliyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov, O‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasi mudiri, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, professor Nurboy Jabborov, Anqara Ijtimoiy fanlar universiteti rektori, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi raisi Musa Kazım Arijan hamda Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi professori Seadet Drixiyeva shular jumlasidandir.
Tadbirni ochib bergan TURKSOY Bosh kotibi Sultan Rayev Navoiy shaxsini turkiy dunyoning umumiy vijdoni va sivilizatsiyaviy timsoli sifatida e’tirof etdi. U O‘zbekistonda ajdodlar merosiga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborni alohida ta’kidlab, mamlakatimizda adabiyot va madaniyatni qo‘llab-quvvatlash, Navoiy merosini yosh avlodga yetkazish borasida olib borilayotgan siyosat muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi.
Yalpi majlisda so‘zga chiqqan akademik Shuhrat Sirojiddinov Navoiy asarlarining O‘zbekistonda va xalqaro miqyosda o‘rganilishi, qo‘lyozmalarni ilmiy tadqiq etish, nashr va tarjima ishlari haqida ma’lumot berdi. U Navoiy merosini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etish hamda yosh avlod ongiga singdirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, Alisher Navoiy merosining umumbashariy ahamiyatini ta’kidlab, uni nafaqat turkiy xalqlarning, balki butun insoniyatning ma’naviy dahosi sifatida e’tirof etdi.
Anjumanda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti vakillari tomonidan Navoiy merosini o‘rganish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar va xalqaro hamkorlik ishlari yuzasidan ham маълумот berildi.
Tadbir davomida Navoiy asarlarining turli turkiy lahja va adabiyotlarga tarjima qilinayotgani alohida qayd etildi. Xususan, “Xamsa” asarining ozarbayjon tiliga to‘liq tarjima qilinib Bokuda nashr etilgani, “Mahbub ul-qulub” asarining ozarbayjon, qoraqalpoq va qozoq tillariga tarjima etilgani, shuningdek, Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ilmiy va badiiy asarlar chop etilayotgani ta’kidlandi.
Anjuman yakunida akademik Shuhrat Sirojiddinov hamda O‘zbekiston xalq shoiri, professor Usmon Azim turkiy dunyo madaniyati va adabiyoti rivojiga qo‘shgan munosib hissasi uchun TURKSOYning Oltin medali bilan taqdirlandi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va professor Nurboy Jabborov esa TURKSOY medali bilan mukofotlandi.






