SheSCIENCE 2026: Ilmiy hamkorlik va gender tenglik sari
2026-02-11 10:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Forum Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Osiyo taraqqiyot banki hamda TWAS — Jahon fanlar akademiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda davlat boshqaruvi organlari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar va oliy taʼlim tizimi vakillari, shuningdek, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistondan 200 nafarga yaqin olima ayollar ishtirok etdi.
Tadbir mintaqada ilm-fan sohasida faoliyat yuritayotgan ayol olimalarni birlashtirish, ularning salohiyatini oshirish va xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Forum doirasida ayollarning ilm-fan va innovatsiya sohasidagi, mintaqaviy va global hamkorlik, barqaror rivojlanish, ekologiya, tibbiyot, muhandislik, raqamli texnologiyalar, biotexnologiya kabi dolzarb yoʻnalishlar muhokama qilindi.
Forum doirasida “Muʼtabar ayol – 2025” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Tanlov 2021-yildan buyon iqtidorli ayol olimalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan muhim tashabbus sifatida amalga oshirib kelinmoqda.
Shuningdek, ilmiy va innovatsion ekotizimlarni integratsiya qilish orqali mintaqaviy rivojlanish masalalariga bagʻishlangan panel sessiyasi tashkil etildi. Unda BMT, Markaziy Osiyo davlatlari va xalqaro ilmiy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Forumning ilmiy dasturi doirasida biologiya va tibbiyot, ekologiya va iqlim, matematika, muhandislik va fizika kabi yoʻnalishlarda uchta ilmiy sessiya oʻtkazilib, biotexnologiya, barqaror rivojlanish, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt va muhandislik sohalaridagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2025-yil davomida ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida umumiy qiymati 1 trillion 405 milliard soʻmdan ortiq boʻlgan 763 ta ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalarning 214 tasiga, yaʼni 28 foiziga olima ayollar rahbarlik qilayotgani ayollarning ilm-fandagi salohiyati ortib borayotganini koʻrsatadi.
2025-yilda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim bosqichiga qabul qilingan 17 mingdan ortiq izlanuvchi va stajyor-tadqiqotchilarning qariyb 48 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Bugungi kunda ushbu tizimda tahsil olayotgan 36 mingdan ziyod tadqiqotchilarning deyarli yarmi — ayollardir.
“Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida 2025-yilda gʻolib boʻlgan 93 nafar ishtirokchining 40 foizini xotin-qizlar tashkil etdi.
Shuningdek, xorijiy ilmiy stajirovkalarga yuborilgan 145 nafar yosh olimlar orasida 24 foizdan ortigʻi ayollar boʻlib, ular Vengriya, Turkiya, Xitoy, Malayziya, Buyuk Britaniya va Belarus kabi davlatlarda ilmiy tajriba orttirmoqda.
Bugungi kunda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasining 7 400 nafardan ortiq aʼzosining 47 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.
Forum ishtirokchilari “SheSCIENCE 2026” tadbiri Markaziy Osiyoda ayol olimlarning ilmiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, gender tengligini taʼminlash, yoshlarni ilm-fanga jalb etish va xalqaro ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan muhim platforma ekanini taʼkidladilar.









