Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qorabog‘dagi Mirzo Ulug‘bek maktabiga tashrif buyurdi
2024-06-01 12:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Q. Sharipov Qorabog‘ hududiga tashrifini O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Qorabog‘ hududining Fuzuliy shahrida barpo etilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab faoliyati bilan tanishidan boshladi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi 1-sonli maktab 960 nafar o‘quvchi tahsil olishiga mo‘ljallangan bo‘lib, unda 40 ta sinfxona, 6 ta laboratoriya, 2 ta informatika xonasi, 5 ta funksional o‘quv xonasi, majlislar va sport zallari, oshxona, kutubxona mavjud. Futbol maydoni, dam olish va tadbirlar o‘tkazish uchun joylar, yugurish yo‘laklari tashkil qilingan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q. Sharipov adabiyotimiz, tariximiz va madaniyatimizni Ozarbayjon xalqiga tanitish va targ‘ib qilish, xalqlarimiz o‘rtasida aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida o‘zbek nasri va she’riyati durdonalarini ozar tiliga tarjimasini yo‘lga qo‘yish, kitoblarni nashr qilish taklifini ilgari surdi.









