19–23-may kunlari O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan o‘rin olgan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari Buyuk Britaniyaning London shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon ta’lim forumida ishtirok etdi
2024-05-23 18:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Ushbu uchrashuvlar natijasida tomonlar uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan qator kelishuvlarga erishildi.
Dastlab, forum doirasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O.Mahkamov xalqaro tan olingan “Times Higher Education” reyting tashkiloti xalqaro aloqalar bo‘yicha bosh direktori Fil Beti bilan uchrashdi. Muloqot davomida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “THE” reyting tashkiloti o‘rtasidagi amaldagi hamkorlik holati, respublika oliy ta’lim muassasalarini xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash, uning metodologiyasini milliy reyting tizimiga integratsiya qilish, muassasalarning ko‘rsatkichlari tahlili, global reytinglarda ishtirok etish ahamiyati hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Oliy ta’lim muassasalarining ilmiy-pedagogik salohiyatini ko‘tarish, gender tenglik, ta’lim inklyuzivligi, barqaror rivojlanishni ta’minlash borasida erishilgan yutuqlarni targ‘ib qilish, shuningdek, xorijiy talaba va professor-o‘qituvchilarni jalb etish maqsadida “Global barqaror rivojlanish kongressi” (Global Sustainable Development Congress) doirasida tashkil qilinadigan oliy ta’lim muassasalari ko‘rgazmasida jami 10 ta OTMdan iborat O‘zbekiston paviloni tashkil etilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi va tegishli hujjatlar imzolandi.
So‘ng Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ullari va “Pearson” xalqaro tashkilotining cavdo masalalari bo‘yicha vitse-prezidenti Gopal Krishman hamda malakalarni baholash bo‘yicha vitse-prezidenti Djeyn Beker o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda “Pearson” xalqaro tashkiloti tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalarning joriy holati, kelgusida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, muloqot davomida tashkilotning Biznes va texnologiyalar bo‘yicha ta’lim kengashi (BTEC) malaka darajalarini beradigan xalqaro ta’lim dasturlarini O‘zbekiston professional ta’lim tizimida joriy etish masalasi ko‘rildi.
“Kaplan International Pathways” tashkiloti vitse-prezidenti Kleyr Roulins bilan oliy ta’lim tizimini xalqarolashtirish, professor-o‘qituvilar malakasini oshirish borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan o‘tkazilgan uchrashuvda malaka oshirish tizimini ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish, oliygohlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.









