Istanbul tijorat universiteti bilan yosh olimlarni qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish bo‘yicha hamkorlik amalga oshiriladi
2024-05-17 20:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur delegatsiya tarkibida Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Jonibek Tavakalov hamda Toshkent Iqtisodiyot universiteti rektori To‘lqin Teshaboyev xalqaro simpozium ochilish marosimida ma’ruza qilishdi. Xususan, J.Tavakalov so‘ngi yillarda ilm-fan va innovasiyalar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Mazkur simpozium bir qator xorijiy hamda o‘zbek oliy ta’lim muassasalari, xususan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Buxoro davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Termiz davlat universiteti bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda. Bu yilgi simpozium “Yangi texnologiyalar-axborot texnologiyalari-sun'iy intellekt” mavzusida bo‘lib o‘tdi. ISALAJ xalqaro simpoziumi Balikesir universiteti tomonidan 2021-yildan beri har yili tashkillashtiriladi. Unda Yevropa va MDH davlatlari oliy ta’lim muassasalari akademik hamda professor o‘qituvchilari ishtirok etishadi.
Simpozium doirasida Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda Istanbul tijorat universiteti o‘rtasida yosh olimlarni qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish va hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.




