Sarhisob: Ta'limda zamonaviy arxitektura shakllanmoqda
2026-01-10 10:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Ta’lim — yangi davr talablari asosida
Bugun biz butunlay yangi davrda yashayapmiz: texnologiyalar shiddat bilan yangilanmoqda, kasblar mazmuni o‘zgarmoqda, mehnat bozori esa kechagi standartlarni qabul qilmay qo‘ydi. Shunday sharoitda oliy va kasbiy ta’lim tizimi ham an’anaviy qoliplar doirasidan chiqib, mutlaqo yangi yondashuvlarni talab etmoqda. Ana shu ehtiyojdan kelib chiqib, O‘zbekistonda ta’lim sohasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida shakllanib boryapti. 2025-yil natijalari esa bu yo‘nalishdagi islohotlar tizimli, keng qamrovli va strategik maqsadlarga qaratilganini yaqqol ko‘rsatdi.
Qamrovdan sifatga o‘tilmoqda
Oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatning uzoq istiqbolli intellektual rivoji uchun qo‘yilgan poydevor sifatida namoyon bo‘lmoqda. Agar 2017-yilda mamlakatda oliy ta’lim bilan qamrov 280 ming atrofida bo‘lgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 1,7 million nafarga yetdi. Qamrov darajasining 44 foizga yetgani jamiyatimizda bilimga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyoj, intellektual harakatchanlik keskin ortganini yaqqol ko‘rsatadi. Oliygohlarga akademik va moliyaviy mustaqillik berilishi, qabul jarayonlarining shaffofligining ta’minlanishi, professor-o‘qituvchilar faoliyatini rag‘batlantirish mexanizmlarining takomillashtirilishi ta’lim mazmunini tubdan o‘zgartirdi. Ilgari faqat milliy ta’lim maydonida faoliyat yuritgan oliy ta’lim muassasalari bugun xalqaro raqobat muhitiga chiqib, o‘z salohiyatini global mezonlar asosida namoyon eta boshladi.
Ilgari O‘zbekiston oliygohlari jahon reytinglarida deyarli qayd etilmagan yoki epizodik holda tilga olingan bo‘lsa, bugun ular xalqaro ta’lim makonida barqaror o‘rin egallay boshladi. Xususan, “QS World University Rankings – 2026” reytingiga mamlakatimizdan 7 ta oliy ta’lim muassasasi kirgani, ulardan 5 tasi ilk marotaba ushbu nufuzli reytingda qayd etilgani sifat o‘zgarishining ochiq dalilidir. 3 ta oliygohning TOP–1000 talikka kirishi esa O‘zbekiston oliy ta’limining xalqaro mezonlar bo‘yicha baholanish, raqobat va e’tirof bosqichiga qadam qo‘yganini anglatadi. “Times Higher Education – Impact Ranking” natijalari esa bu jarayonning ijtimoiy o‘lchovini ochib berdi. BMTning 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlari asosida baholanadigan ushbu reytingda O‘zbekistondan 59 ta oliygoh ishtirok etib, 12 tasining TOP–1000 talikdan o‘rin egalladi.
Ta’lim sifati, ijtimoiy tenglik, atrof-muhit muhofazasi, innovatsiya va iqtisodiy o‘sish bilan bog‘liq natijalar oliygohlarni faqat bilim beruvchi emas, balki taraqqiyotni shakllantiruvchi institut sifatida namoyon etmoqda. Bu jarayon O‘zbekistonning intellektual kelajagi, raqobatbardosh iqtisodiyoti va bilimga tayangan jamiyatni barpo etish yo‘lida qo‘yilgan strategik qadam sifatida tarixiy ahamiyat kasb etmoqda.
Ta’limning yangi arxitekturasida raqamlashtirish va sun’iy intellektning o‘rni
Raqamli yechimlar bugun ta’limni rejalashtirish, boshqarish va rivojlantirishning intellektual arxitekturasiga aylanmoqda. Bu o‘zgarishlar inson omiliga haddan tashqari bog‘liqlikni qisqartirib, qaror qabul qilishda ma’lumotlar tahliliga tayanuvchi yangi madaniyatni shakllantiryapti.
“Raqamli universitet” loyihasi doirasida joriy etilgan HEMIS axborot tizimi bu jarayonning tayanch poydevori bo‘ldi. U orqali o‘quv jarayonlari, talabalar kontingenti, baholash tizimi va xizmatlar ko‘rsatish yagona platformada boshqarila boshladi. Keyingi bosqichda HEMIS AI modullarining ishga tushirilishi ta’lim tizimini sun’iy intellekt elementlari bilan boyitilishiga xizmat qiladi. Endilikda talabalarning o‘zlashtirishi, davomati va akademik xatari prognoz qilinadi, individual tavsiyalar ishlab chiqiladi, ta’lim trayektoriyalari esa ma’lumotlarga asoslangan holda shakllantiriladi.
Ushbu intellektual yechim my.hemis.uz platformasiga integratsiya qilinib, barcha oliy ta’lim muassasalarida amaliyotga joriy etildi. HEMIS AI servislari orqali talabaning akademik faoliyatiga oid asosiy ko‘rsatkichlar — GPA dinamikasi, davomat holati, dars jadvali yuklamasi, fanlar kesimida o‘zlashtirish darajasi muntazam tahlil qilinadi. Tizim tavsiyaviy kurslar taklif etish, bitiruv ishlari va yozma topshiriqlarda plagiatni avtomatik aniqlash, talabaning moliyaviy holatini baholash va shu kabi qator funksiyalarni ham qamrab olgan.
Akademik litseylar va kasbiy ta’lim muassasalarida EMIS EDU platformalari joriy etilib, o‘quv jarayonlari, elektron jurnallar va tahliliy hisobotlar raqamli formatga o‘tkazildi. Axborot-resurs markazlaridagi o‘quv va ilmiy adabiyotlarning qariyb 87 foizining elektron shaklga o‘tkazilgani esa bilim manbalariga teng va tezkor kirish imkonini yaratmoqda.
AI-Proctoring texnologiyalari orqali imtihon jarayonlarida shaxsni aniqlash, qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish va natijalarning xolisligini ta’minlash imkoniyatlari kengaydi.
Axborot tizimlari orqali to‘planayotgan katta sig‘imli ma’lumotlar (big data) asosida ta’lim siyosati qayta ko‘rib chiqilmoqda, resurslar samarali taqsimlanmoqda, grantlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari aniq mezonlar asosida shakllantirilmoqda. Sun’iy intellekt va raqamlashtirish 2025-yilga kelib O‘zbekiston ta’lim tizimining yangi arxitekturasini belgilab beruvchi strategik omilga aylandi.
Kasbiy ta’lim
Mamlakatimizda kasbiy ta’limga bo‘lgan munosabat ham tubdan o‘zgarmoqda. Ilgari bu soha ko‘pincha oliy ta’limga kira olmaganlar uchun “ikkinchi tanlov” sifatida qabul qilingan bo‘lsa, bugun u iqtisodiyotning real ehtiyojlariga javob beradigan, mehnat bozorini malakali kadrlar bilan ta’minlaydigan tizimga aylanayotir.
Bugun mamlakat bo‘ylab yuzlab texnikumlarda yuz minglab yoshlar aniq kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha tahsil olmoqda. Eng muhim jihat — ta’lim mazmuni mehnat bozoridan uzilgan holda emas, balki ish beruvchilarning real buyurtmalari asosida shakllantirilayotganidir. Dual ta’lim tizimining keng joriy etilishi shu maqsadga xizmat qilmoqda. Ushbu model orqali o‘quvchi o‘qish davrining o‘zidayoq korxona muhitiga kirib boradi, ish jarayoni, ishlab chiqarish madaniyati va amaliy ko‘nikmalarni bevosita o‘zlashtiradi va tayyor mutaxassis sifatida mehnat bozoriga chiqadi.
Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Janubiy Koreya kabi davlatlar bilan hamkorlikda xalqaro ta’lim dasturlari joriy etildi, “Pearson” kabi xalqaro ta’lim provayderlari asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yilgani esa bitiruvchilarning raqobatbardoshligini ham oshirmoqda. Xorijiy tillarni o‘qitish soatlarining keskin ko‘paytirilishi, talabalarning ingliz, nemis, koreys, yapon kabi tillarda kasbiy muloqot qilish qobiliyatini shakllantirishga xizmat qilayapti.
WorldSkills harakati doirasida milliy chempionatlarning o‘tkazilishi, o‘zbek o‘quvchilarining xalqaro kasb mahorat musobaqalarida ishtirok etishi va mukofotlarga sazovor bo‘layotgani ushbu tizimdagi sifat o‘zgarishlarining eng ishonchli dalilidir. WorldSkills Asia Competition Taipei – 2025 musobaqasida o‘zbekistonlik o‘quvchining “Best of Nation” — “Millat faxri” mukofotini qo‘lga kiritishi kasbiy ta’limning xalqaro darajada e’tirof etila boshlaganini ko‘rsatdi.
Eng asosiysi, kasbiy ta’lim iqtisodiyotning real sektorini qo‘llab-quvvatlovchi uzoq muddatli mexanizm sifatida shakllanmoqda. Ish beruvchi, ta’lim muassasasi va yoshlar o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik orqali kasbiy ta’lim mehnat bozoriga javob beruvchi, iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi va yoshlar kelajagini ta’minlovchi kuchga aylanayotir.
Ijtimoiy adolat – ta’lim hamma uchun
Ta’lim faqat raqobatbardosh kadrlar tayyorlash vositasi emas, balki jamiyatda teng imkoniyatlar yaratish, ijtimoiy to‘siqlarni yumshatish va har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini berishga xizmat qiluvchi strategik mexanizmdir. Shu ma’noda, ta’lim siyosatida “sifat” tushunchasi “adolat” va “inklyuzivlik” g‘oyalari bilan uzviy bog‘landi. Xususan, xotin-qizlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari hajmi ikki barobarga oshirildi, qizlar uchun alohida kvotalar ajratildi.
Talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yaxshilash ham insonparvar siyosatning muhim qismiga aylandi. Agar 2017-yilda talabalar turar joylari ehtiyojning atigi 28 foizini qoplagan bo‘lsa, joriy yilga kelib bu ko‘rsatkich 57 foizga yetkazildi. Yotoqxonalarga joylashtirish jarayonlarining elektron va shaffof tizim orqali amalga oshirilishi adolatli taqsimot va ochiqlik tamoyillarini mustahkamladi.
Inklyuziv ta’limni rivojlantirish masalasi ham ta’lim siyosatida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Nogironligi bor yoshlar uchun ta’lim muassasalarida sharoitlarni yaxshilash, ularning o‘quv jarayoniga to‘liq qo‘shilishiga qaratilgan tashkiliy va infratuzilmaviy choralar ko‘rilmoqda.
Joriy o‘quv yilidan boshlab abituriyentlarga avvalgi 5 ta ta’lim yo‘nalishiga qo‘shimcha ravishda 6-ta yo‘nalishni tanlash imkoniyati berildi. Bu qaror qabul jarayonida tanlov imkoniyatlarini kengaytirib, tasodif omillarini kamaytirdi. Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5-yil mehnat stajiga ega, ammo oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari 5 barobarga oshirilib, 2025/2026 o‘quv yili uchun 2 500 ta etib belgilandi.
Nafsilamrini aytganda, ta’lim sohasidagi islohotlar qamrov, sifat, raqamlashtirish, ijtimoiy adolat va mehnat bozori bilan uyg‘un holda amalga oshirilmoqda. Ta’lim O‘zbekiston uchun faqat ijtimoiy soha emas, balki milliy taraqqiyot modeli, inson kapitaliga tayangan strategik resursga aylanmoqda. Bugun qo‘yilayotgan bu poydevor ertangi raqobatbardosh iqtisodiyot, barqaror jamiyat va intellektual kelajakning kafolatidir.
Sardor RAJABOV,
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari
