Rasmiy munosabat
2025-12-01 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Suhbatda ayrim talabalarning oʻqish va yozish savodxonligi past ekani haqida bildirilgan fikrlar inkor etilmaydi. Soʻnggi yillarda taʼlim tizimida uzluksizlikni taʼminlash, maktab va oliy taʼlim oʻrtasida oʻquv dasturlarini uygʻunlashtirish, boʻlgʻusi pedagoglarning amaliyotini kuchaytirish boʻyicha tizimli choralar amalga oshirilmoqda. Xususan, oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayoni toʻliq kredit-modul tizimiga oʻtkazildi, 2 000 dan ortiq taʼlim dasturlari dunyoning TOP-300 universitetlari dasturlariga moslashtirildi. Shuningdek, boʻlgʻusi pedagoglarni tayyorlashda amaliyotga alohida eʼtibor qaratilgan boʻlib, pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun zamonaviy oʻquv rejalar va dasturlar joriy etilmoqda. Taʼlim dasturlarining sifatini taʼminlash maqsadida 20 ta oliy taʼlim tashkilotining 86 ta taʼlim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazildi.
Soʻnggi sakkiz yilda oliy taʼlim bilan qamrov 9 foizdan 44 foizga yetkazilib, talabalar soni 279 ming nafardan 1,7 million nafargacha oshdi. Oliy taʼlim muassasalari soni 77 tadan 207 taga yetdi. Bu jarayon taʼlimga boʻlgan yuqori ijtimoiy ehtiyojdan kelib chiqqan holda amalga oshirilgan boʻlib, qamrovni kengaytirish bilan bir qatorda taʼlim sifatiga boʻlgan talablar ham bosqichma-bosqich kuchaytirib borilmoqda.
Felyeton-suhbatda xususiy oliy taʼlim muassasalari faoliyatiga oid umumlashtiruvchi xulosalar ham bildirilgan. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, mamlakatda faoliyat yuritayotgan 74 ta nodavlat oliy taʼlim tashkiloti litsenziyalash, akkreditatsiya va davlat nazoratining yagona talablari asosida ish olib bormoqda. Ayrim hollarda uchrayotgan kamchiliklar alohida oʻrganilib, ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli choralar koʻrilmoqda. Biroq butun nodavlat taʼlim sektorini salbiy tarzda umumiy baholash haqiqatga toʻliq mos kelmaydi.
Suhbatda professor-oʻqituvchilar faoliyati, fan dasturlari va ilmiy darajalar bilan bogʻliq tanqidiy fikrlar ham bildirilgan. Soʻnggi toʻqqiz yilda ilmiy darajali pedagoglar ulushi 32,7 foizdan 50 foizga yetkazildi, doktoranturaga qabul kvotalari 7 barobardan ortiq oshirildi. Professor-oʻqituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi kengaytirildi, xususan, xorijiy tajriba asosida 82 ta oʻquv reja va dastur amaliyotga joriy etildi.
Xususan, 2025-yilda oliygohlarning jami 11 627 nafar rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirdi, shundan 5 559 nafari qayta tayyorlash va malaka oshirish markazlarida toʻgʻridan-toʻgʻri oʻqish orqali, 2 750 nafari masofaviy shaklda, 3 318 nafari esa muqobil shakllarda oʻz bilim va koʻnikmalarini yangiladi. Shuningdek, xorijiy hamkor taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan 15 ta qoʻshma malaka oshirish kurslarida 313 nafar rahbar va pedagog kadrlar ishtirok etib, ularga qoʻsh sertifikatlar (Double Certificate) berildi. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga jami 385 nafar xorijiy mutaxassislar jalb etildi. Bundan tashqari, kadrlar buyurtmachilari ehtiyojidan kelib chiqib tashkil etilgan 7 ta qisqa muddatli malaka oshirish kurslarida 718 nafar oliygoh xodimlari oʻz malakalarini oshirdi.
Suhbatda xalqaro reytinglar boʻyicha eʼlon qilinayotgan natijalar goʻyoki “sunʼiy ovoz toʻplash” yoki “muvaqqat koʻrsatkichlar” hisobiga shakllanayotgani haqida fikr bildirildi. Bu gaplar mutlaqo asossiz boʻlib, xalqaro reytinglarda qatnashish va ularda oʻrin egallash jarayoni milliy idoralar tomonidan emas, balki mustaqil xalqaro reyting agentliklari tomonidan qatʼiy metodologiyalar asosida amalga oshiriladi. Reyting koʻrsatkichlari ochiq manbalar, xalqaro ilmiy bazalar, akademik va ish beruvchilar soʻrovlari, ilmiy nashrlar hamda ularga boʻlgan iqtiboslar asosida shakllantiriladi. Shu bois natijalarni “sunʼiy tarzda” yaratish imkoniyati mavjud emas.
2025-yilda Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimi xalqaro reytinglarda aniq natijalarni qayd etdi. Joriy yilda mamlakatimizdan 12 ta oliy taʼlim muassasasi nufuzli xalqaro reytinglarda TOP–1000 talikdan joy oldi. QS World University Rankings natijalariga koʻra, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universiteti — 469-oʻrin (TOP–500), Oʻzbekiston Milliy universiteti — 721–730, Toshkent davlat texnika universiteti — 901–950 oʻrinlar oraligʻidan joy oldi.
Shuningdek, Times Higher Education (THE) reytingida ham bir qator oliygohlar qayd etildi. Ayniqsa, THE Impact Rankings–2025 doirasida Oʻzbekistondan 59 ta oliy taʼlim muassasasi ishtirok etib, 12 tasi jahonning TOP–1000 universitetlari qatoriga kirdi. Bu natija Oʻzbekistonni Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida yetakchi davlat sifatida namoyon qildi.
Reytinglar taʼlim sifati, ilmiy salohiyat va raqobatbardoshlik darajasini baholash vositasidir. TOP–500 va TOP–1000 talikka kirish — bu faqat nufuz emas, balki talabalar, professor-oʻqituvchilar va xalqaro hamkorlar uchun ishonch belgisidir. Shu oʻrinda xalqaro reytinglarda eʼtirof etilgan natijalarni “muvaqqat” yoki “sunʼiy” deb baholash ilmiy asosga ega emasligini va bu yillar davomida olib borilgan tizimli islohotlar samarasi ekanini qatʼiy taʼkidlaymiz.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi taʼlim sifati masalasi doimiy eʼtibor markazida ekanini, mavjud muammolar ochiq tan olinishini hamda ularni bartaraf etish boʻyicha aniq vazifalar belgilanganini maʼlum qiladi. Taʼlim tizimidagi islohotlar ochiq muloqot, dalilga asoslangan tahlil va jamoatchilik bilan hamkorlik asosida izchil davom ettiriladi.
