2025-yil davomida oliy ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar, erishilgan natijalarga bag‘ishlangan brifing
2025-12-20 20:10:00 / Vazirlik yangiliklari

2025-yil natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari nufuzli xalqaro reytinglarda o‘z o‘rnini yanada mustahkamladi. Jumladan, mamlakatimizdan 7 ta oliy ta’lim muassasasi “QS” xalqaro reytingiga kirdi. “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti TOP–1000 talik ro‘yxatdan joy oldi.
Shuningdek, “Times Higher Education” xalqaro reytingida 4 ta oliygohimiz joy olgan bo‘lsa, 2025 yilgi “ Times Higher Education Impact ” reytingida O‘zbekistonning 59 ta oliy ta’lim muassasasi ro‘yxatdan o‘tib, 12 tasi jahonning TOP-1000 talik universitetlari safidan o‘rin oldi va bu bilan mamlakatimiz Markaziy Osiyo hamda Kavkaz mintaqasida mutlaq yetakchiga aylandi.
2025 yilgi “QS”ning fanlar bo‘yicha reytingi natijasiga ko‘ra, O‘zbekistonning 5 ta oliy ta’lim muassasasi 8 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha jahonning eng yaxshi 1000 ta universitetlari qatoriga kiritildi.
Oliygohlarimizning bunday nufuzli xalqaro reytinglarda munosib o‘rin olayotgani so‘nggi yillarda mamlakatimizda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy natijasidir.
Joriy yilda ta’lim resurslarini samarali birlashtirish, takror yo‘nalishlarni qisqartirish, professor-o‘qituvchilar salohiyatidan oqilona foydalanish hamda hududlarda mehnat bozori talablariga mos, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida hududiy va kadrlar tayyorlash ixtisoslashuvi jihatidan yaqin bo‘lgan 29 ta oliy ta’lim tashkiloti negizida 12 ta yangi oliy ta’lim tashkiloti tuzildi. Va shunday qilib, hozirda respublikamizda 207 oliy ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Ulardan 32 tasi xorijiy oliy ta’lim muassasasi yoki ularning filiallari, 74 tasi nodavlat oliygohlari va 101 ta davlat oliy ta’lim tashkilotidir.
Oliy ta’lim bilan qamrov darajasi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Bugungi kunda oliygohlarda tahsil olayotgan talabalar soni 1 million 700 ming nafarni tashkil etmoqda. Bu — 2017-yilga nisbatan 6 barobar ko‘p demakdir. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 44 foizdan oshdi.
2025-yilda zamonaviy ta’lim shakllarini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi. Masofaviy ta’lim shaklida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari soni 21 tadan 52 taga oshirildi.
2025/2026 o‘quv yilidan boshlab magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kechki va masofaviy ta’lim shakllarida ham kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil davom ettirildi. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tavsiyanomasini olgan, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qo‘shimcha ajratiladigan 2 000 ta davlat granti 2025/2026 o‘quv yili uchun 2 barobarga oshirilib, 4 000 ta etib tasdiqlandi.
Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5-yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun to‘lov-kontrakt asosidagi 500 ta qabul parametrlari 5 barobarga oshirilib, 2025/2026 o‘quv yili uchun 2 500 ta etib belgilandi.
Shu bilan birga, davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan 11 161 nafar xotin-qizning o‘qish xarajatlari uchun jami 122,7 milliard so‘m mablag‘ to‘lab berildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash ham doimiy e’tibor markazida bo‘ldi. 2025/2026 o‘quv yili uchun “Kambag‘al oilalar reestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari uchun 10 foizli qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 3 550 ta ta’lim granti kvotasi tasdiqlandi.
Shuningdek, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra o‘qishga kira olmagan abituriyentlarga fanlar majmuasi mos bo‘lgan qo‘shimcha yana beshtagacha ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati yaratildi.
Xalqaro va nodavlat oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik kengaytirildi. Respublikada faoliyat olib borayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari uchun 1 320 ta davlat granti kvotasi ajratildi.
Oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim grantlarini tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlash amaliyoti joriy etildi.
Xalqaro ta’lim sifati mezonlarini joriy etish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. TOP–500 talikka kirgan 9 ta xorijiy oliygoh bilan kelishuvlarga erishilib, ular bilan hamkorlikda 17 ta qo‘shma ta’lim dasturining qabul kvotalari tasdiqlandi. 11 ta oliygohdagi 40 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
TOP–300 talikka kirgan xorijiy oliygohlarning ta’lim dasturlari asosida davlat oliy ta’lim tashkilotlaridagi yuqori kurslarning 14 mingtadan ortiq o‘quv dasturlari takomillashtirildi. Natijada, oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan xorijiy talabalar soni 20 ming nafarga yetdi.
Professor-o‘qituvchilar salohiyatini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. 6 139 nafar professor-o‘qituvchi xorijda malaka oshirdi, 3 859 nafar xorijiy professor-o‘qituvchi esa o‘quv jarayoniga jalb etildi.
Yoshlarni ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikka yo‘naltirish borasida ham muhim qadamlar qo‘yildi. Respublikadagi 14 ta hududning 80 ta oliygohida “O‘zmilliybank” AJning “Kelajakka qadam” markazi filiallari tashkil etildi. Ushbu markazlar orqali 4 529 nafar bitiruvchi talabaning biznes loyihalari 202,1 milliard so‘m miqdorida imtiyozli shartlarda moliyalashtirildi.
Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakliga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan talabalar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti granti tanlovi o‘tkazilib, 23 nafar talabaga mazkur grant taqdim etildi.
Talabalarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida oliy ta’lim tashkilotlaridagi “Registrator ofis”lari tomonidan 6 ta yo‘nalishda jami 737 066 ta xizmat ko‘rsatildi.
Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida hamda oliygohlar mablag‘lari hisobidan 20 ta oliy ta’lim tashkilotida 12 084 o‘rinli 22 ta talabalar turar joyi qurilib, foydalanishga topshirildi.
O‘z navbatida, 2025-yilning birinchi yarim yilligida sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlar 60 tani tashkil etib, huquqbuzarliklar qator taʼlim tashkilotlarining pedagog-xodimlari tomonidan ham sodir etilgan.
Jinoyat sodir etgan pedagog-xodimlarga nisbatan vakolatli organlar tomonidan qonunchilikka muvofiq tegishli choralar koʻrilgan.
Shunday qilib, 2025 yil davomida oliy ta’lim tizimida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar sohada sifat o‘zgarishlarini ta’minlash, ta’limga teng va adolatli imkoniyatlar yaratish, xalqaro standartlarga mos raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash hamda yoshlarning intellektual salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qildi. Erishilgan natijalar mamlakatimiz oliy ta’lim tizimini yanada modernizatsiya qilish, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun mustahkam intellektual poydevor yaratishga qaratilgan islohotlar izchil va barqaror davom ettirilishini yaqqol tasdiqlaydi.
