Vengriya bilan “Stipendium Hungaricum” grant dasturini davom ettirish bo‘yicha memorandum imzolandi
2024-05-07 15:30:00 / Vazirlik yangiliklari
Muloqotda ko‘plab sohalar qatorida oliy ta’lim yo‘nalishidagi ikki tomonlama hamkorlik izchil mustahkamlanib, amaliy aloqalar jadal rivojlanib borayotgani va buning uchun mustahkam huquqiy asos mavjudligi mamnuniyat bilan qayd etildi.
Vazir Q.Sharipov Vengriya Tashqi ishlar va tashqi savdo vazirligi ko‘magida Vengriya tomonidan har yili ajratiladigan “Stipendium Hungaricum” ta’lim grantlari O‘zbekiston yoshlari o‘rtasida yildan-yilga ommalashib borayotgani va shu bois hozirda ta’lim grantlari uchun eng yaxshi nomzodlarni saralashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, ikki davlat oliy ta’lim muassasalari rektorlarining uchinchi forumini O‘zbekistonda o‘tkazish taklif etildi.
Kelgusida Oʻzbekiston tomoni universitetlar oʻrtasida qoʻshma taʼlim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, vengriyalik mutaxassislarni Oʻzbekistondagi oliy ta’lim muassasalariga qisqa muddatli maʼruzalar oʻqishga taklif etish, shuningdek, Vengriya universitetlarida o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston-Vengriya qo‘shma ilmiy loyihalar tanlovining ikkinchi bosqichini e’lon qilishni tezlashtirishga kelishildi.
Shundan so‘ng Vengriya hukumatining “Stipendium Hungaricum” ta’lim grantlari dasturi muddatini uzaytirish va dastur doirasida 2024/2026-o‘quv yilida bakalavriat, magistratura, doktorantura bo‘yicha 170 ta ta’lim granti taqdim etish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Grantlardan Vengriya universitetlarida qisqa muddatli kurslar uchun ham foydalanish mumkin.