Rasmiy munosabat
2025-11-12 10:00:00 / Rasmiy munosabat

Talabalar o‘qishini ko‘chirish tartibi Vazirlar Mahkamasining tegishli nizomi bilan belgilangan bo‘lib, o‘qishni hududlarlar o‘rtasida ko‘chirishga ruxsat beradigan aniq asoslar qonunchilikda mavjud.
Amaldagi tartibga ko‘ra, respublikamizda talabaning o‘qishini boshqa hududdagi oliy ta’lim tashkilotiga ko‘chirishga quyidagi hollarda ruxsat beriladi:
• talaba turmush qurib, turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga o‘tishni so‘raganda;
• davlat organlari xodimlarining ish joyi o‘zgartirilgan taqdirda, uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi tegishli vazirlik/idoraning tavsiyasi asosida ko‘chirishni so‘raganda.
Demak, murojaatda ta’kidlanganidek, “oilaviy holat inobatga olinmayapti”, “ayollar o‘z viloyatiga o‘qishini ko‘chira olmayapti” mazmundagi e’tirozlar mavjud qonunchilikka zid va asossizdir. Aksincha, ayollarning turmushga chiqishi bilan bog‘liq holatlar qonunda alohida ko‘rsatilgan va ular uchun imtiyozli tartib mavjud.
Shuningdek, o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar yiliga ikki marotaba faqat elektron platforma orqali qabul qilinadi:
• kuzgi semestr oldidan — 15-iyuldan 5-avgustga qadar,
• bahorgi semestr oldidan — 10-yanvardan 20-yanvarga qadar.
Ariza topshiruvchilar o‘z ma’lumotlari bilan birga ko‘chirish asosini tasdiqlovchi hujjatlarni ham yuklashi shart. Mazkur talab bu jarayonda shaffoflik va adolatni ta’minlashga xizmat qiladi.
Oliy ta’lim tizimida talabalarning huquqlarini himoya qilish, xususan, oila qurish, yashash joyini o‘zgartirish kabi ijtimoiy omillarni inobatga olish bo‘yicha barcha mexanizmlar mavjud va amalda qo‘llanmoqda.
To‘liqroq ma’lumot olish uchun quyidagi hujjat bilan tanishib chiqish tavsiya etiladi: https://lex.uz/uz/docs/7726569
