Vazir “Talabalar shaharchasi”dagi yotoqxonalar va umumiy ovqatlanish joylari holati bilan tanishdi
2025-12-05 19:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Tashrif doirasida vazir yotoqxonalardagi qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari, xususan, isitish tizimlarining barqarorligi, elektr va suv taʼminoti, issiq suv bilan taʼminlash holatini oʻrgandi. Shuningdek, yongʻin xavfsizligi talablariga rioya etilishi, evakuatsiya yoʻlaklarining ochiqligi, yongʻin oʻchirish vositalarining tayyor holda boʻlishi ham tekshirib chiqildi.
Shu bilan bir qatorda, vazir yotoqxonalar va ovqatlanish shoxobchalaridagi sanitariya-gigiyena holati, oziq-ovqat xavfsizligi, talabalar uchun yaratilgan maishiy sharoitlar va xizmat koʻrsatish sifati bilan tanishdi. Talabalar bilan muloqot chogʻida ularning fikr-mulohazalari, muammo va takliflari tinglandi.
Qoʻngʻirotboy Sharipov masʼul tuzilmalarga qish mavsumi davomida talabalarning xavfsiz, sogʻlom va qulay yashashi uchun barcha zarur sharoitlarni taʼminlash, ehtiyojmand yotoqxonalarda taʼmirlash va profilaktika ishlarini jadallashtirish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berdi.
Tashrif yakunida vazir taʼlim sifatini oshirish bilan bir qatorda, talabalarning yashash va dam olish infratuzilmasini takomillashtirishni ham ustuvor vazifa sifatida qayd etdi.






