“Bitiruvchi va talaba yoshlar-2024” loyihasiga start berilishiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi
2024-04-26 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Anjuman davomida tadbirning maqsadi, imkoniyatlari hamda uch oy davomida poytaxtimiz yoshlari uchun tashkil etiladigan loyihalar va faolliklar haqida maʼlumot berildi.
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov loyiha doirasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va boshqa qator tashkilotlar bilan hamkorlikda talaba-yoshlarning madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari va kitob oʻqish va kasb-hunar oʻrganishga boʻlgan qiziqishini oshirish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil qilish hamda ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan “Toshkent talaba-yoshlar oyligi”ni oʻtkazish koʻzda tutilganini qayd etdi.
Loyihada ishtirok etish uchun yoshlar Telegram tarmogʻida talaba_bitiruvchi_bot havolasi orqali botda roʻyxatdan oʻtishi lozim. Roʻyxatdan oʻtgan yoshlarga loyiha doirasidagi tadbirlar yuzasidan maʼlumot muntazam yuborib boriladi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov ayni kunlarda oliy va professional taʼlim muassasalari talabalari ishtirokida koʻplab madaniy-maʼrifiy tadbirlar va tanlovlar oʻtkazib kelinayotgani haqida toʻxtaldi.
– Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida turli madaniy tadbirlar, sport musobaqalari, media treninglar, adiblar bilan uchrashuvlar, faol, zamonaviy, oʻz maqsadiga ega yoshlar uchun intellektual tanlovlar tashkil etilyapti.
Toshkent shahri hokimligi bilan hamkorlikda mana shu loyihalarning mantiqiy davomi sifatida “Toshkent talaba-yoshlar oyligi” oʻtkaziladi.
Albatta, ushbu oylik doirasida ham yirik loyihalar, tanlov va musobaqalar oʻtkazish hamda gʻoliblarni munosib taqdirlash belgilangan.
Bunda birinchi navbatda har bir loyihaning oliy taʼlim muassasasi bosqichini yuqori saviyada tashkil etishga alohida eʼtibor qaratamiz.
Asosiy maqsad eng iqtidorli va faol yoshlarimizni aniqlash hamda tanlov va musobaqalarning respublika final bosqichiga eng sara yoshlarimizning ishtirokini taʼminlashdir, – dedi Q.Sharipov.
Oylik davomida quyidagi qator tanlovlar va sport turlaridan musobaqalar oʻtkaziladi:
Oʻgʻil bolalar oʻrtasida futbol, qiz bolalar oʻrtasida voleybol boʻyicha “Yoshlar kubogi” ligasi;
Futbol boʻyicha oʻgʻil bolalar oʻrtasida “Toshkent shahar hokimi kubogi” ligasi;
“Toshkent shahar hokimi kubogi” uchun “Quvnoqlar va zukkolar” koʻrik-tanlovi;
“Yoshlar kubogi” kibersport ligasi;
“Rektor va talaba-yoshlar” uchrashuvi;
Velomarafon;
“IT-Park” hududida “Zamonaviy kasblar” amaliy muloqoti;
“Zakovat” intellektual oʻyinlari;
“Karyera va biznes” koʻrgazma yarmarkasi;
“Ekologik” aksiyalar;
“Kitobxonlik” aksiyasi;
“Talaba-yoshlar gastronomik va pazandachilik” festivali.
Shuningdek, taniqli yozuvchi shoirlar, taniqli teatr va kino aktyorlari bilan uchrashuvlar, talabalar teatr studiyalari tomonidan sahnalashtirilgan spektakllarning namoyishini tashkil etish kabi 35 dan ortiq yirik loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilmoqda.
Loyiha va tadbirlarning tantanali taqdirlash marosimlariga taniqli estrada yulduzlari, yosh ijrochilar, sanʼat ustalari ishtirokida oʻtkaziladi.
Bundan tashqari, har haftaning juma kunlari kechki vaqtida “Talabalar shousi” madaniy koʻngil ochar shou-konsert dasturlari oʻtkaziladi.






