OILA MUSTAHKAMLIGI VA FUQAROLARNING HUQUQIY MADANIYATI — E’TIBOR MARKAZIDA
2026-09-29 18:10:00 / Yangiliklar
Do‘stlik tumanida aholining huquqiy savodxonligini oshirish, oilaviy munosabatlarda yuzaga kelayotgan nizolarning oldini olish hamda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.
Xususan, tumanning «Sanoatchilar» mahalla fuqarolar yig‘ini binosida er-xotinlar va sobiq er-xotinlarning aliment majburiyatlari, uy-joy nizolari bilan bog‘liq fuqarolik ishlarini sudlarda ko‘rib chiqish tartibi va ularning o‘ziga xos jihozlariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Unda Jizzax viloyat sudi sudyasi Sh.T. Omonov, mahalla yarashtirish komissiyasi vakillari, mahalla oqsoqollari hamda fuqarolar — jami 25 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Davra suhbatida oila institutini mustahkamlash, nizoli oilalarni yarashtirish, oilaviy kelishmovchiliklarning huquqiy yechimlarini topish va aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Jizzax viloyat sudi sudyasi Sh.T. Omonov o‘z ma’ruzasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan uy-joyga bo‘lgan huquq, ota-onalarning farzandlar tarbiyasi va ta’minoti borasidagi majburiyatlari, shuningdek, oilaviy va uy-joy nizolarini sudlarda ko‘rib chiqishning huquqiy asoslari haqida batafsil tushuntirishlar berdi.
Shuningdek, turar joydan foydalanish, uyga kiritish, uy-joydan ko‘chirish, ijara munosabatlari hamda mulkdor va uning oila a’zolari o‘rtasida kelib chiqadigan nizolarni qonunchilikda belgilangan tartibda hal etish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir davomida «Xavfsiz oila» tamoyili asosida mahalladagi notinch oilalar bilan manzilli ishlash, oilaviy nizolarning huquqbuzarliklarga aylanib ketishining oldini olish, bunda mahalla faollari va profilaktika inspektorlarining hamkorligini kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Yakunda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga sudyadan batafsil javoblar olib, oilaviy va uy-joy nizolarini bartaraf etishda mahalla va sud organlari hamkorligini yanada mustahkamlash yuzasidan fikr almashdilar.
Bunday huquqiy-ma’rifiy uchrashuvlar aholining qonunchilikka oid bilimlarini oshirish, nizolarning oldini olish va mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
