“Odil sudlov – 2030” strategiyasi
2026-09-29 15:55:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 14 avgustdagi “Odil sudlov – 2030” Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni sud-huquq tizimini yanada isloh qilish hamda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish darajasini oshirishga qaratilgan hujjatdir.
Hujjat bilan Yangi O‘zbekistonda xalqchil va adolatli sud tizimini shakllantirishga qaratilgan strategiya tasdiqlandi. Uni amalga oshirish “xalqchil sud”, “adolat qo‘rg‘oni”, “kafolatlangan adolat”, “adolat posbonlari”, “raqamli odil sudlov” va “xalqaro e’tirof” kabi oltita ustuvor yo‘nalish asosida ta’minlanadi.
Ustivor yo‘nalishlardan biri odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirishdir. 2027 yil 1 iyuldan ayrim sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan hududlararo sudlar tashkil etiladi.
2027–2030 yillarda aholi soni, sudlar ish yuklamasi va olis hududlarda yashovchi fuqarolar uchun odil sudlovning ochiqligini inobatga olgan holda fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarini bosqichma-bosqich tashkil etish rejalashtirilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sud nazoratini kuchaytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2027 yil 1 iyuldan tergov sudyalariga ushlab turishning qonuniyligi va asosliligini, shuningdek, shaxsga nisbatan gumon yoki ayblov qo‘yish uchun asoslar yetarliligini tekshirish bo‘yicha qo‘shimcha vakolatlar beriladi. Sud amaliyotida bir xil yondashuvni ta’minlash maqsadida Oliy sud Prezidiumining yagona amaliyotni shakllantiruvchi qarorlarini ochiq e’lon qilish amaliyoti ham joriy etiladi.
2027 yil 1 avgustdan Oliy sud Rayosati muayyan ishlar bo‘yicha qabul qilgan qarorlarni “Presedentlar reyestri”ga kiritish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. O‘xshash nizolarni ko‘rib chiqishda quyi sudlar ushbu reyestrdagi qarorlarga tayanishi belgilanmoqda.
Yana bir asosiy jihat, sud tizimini raqamlashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning sudlarga murojaat qilishida qo‘shimcha imkoniyat hamda qulayliklar yaratish maqsadida 2027 yil yakuniga qadar “my.sud.uz” portali takomillashtirilib, uning yangi mobil ilovasi ishga tushiriladi. Prosessual hujjatlarni tayyorlash osonlashtiriladi va sud hujjatlarini izlash imkoniyatlari kengaytiriladi.
2028 yildan boshlab sud ma’murchiligida “iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish” standartini joriy etish ko‘zda tutilgan. Bu ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish, iqtisodiy nizolarni tezkor va adolatli hal etish hamda sud ishlarini ko‘rish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, sud tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish, umuman, odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash imkonini berib, sudlar mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Botir Inoyatov,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Do‘stlik tumanlararo sudi sudyasi
