2026 yil 11 sentyabr kuni Do‘stlik tumani hokimligi binosida korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish hamda korrupsiyaviy holatlarga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda ishtirokchilarga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik talablari, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, mansab vakolatlaridan qonuniy va xolis foydalanish hamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 3 yanvardagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuni hamda mazkur qonun qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlariga oid PQ-2752-son qarorning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.
Muloqot davomida korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat organlari va tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish muhim vazifalardan ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, korrupsiya, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik va manfaatlar to‘qnashuvi tushunchalariga alohida to‘xtalib, ularning huquqiy mazmuni va kelib chiqishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlar tushuntirildi.
Davlat organlari faoliyatida fuqarolar murojaatlarini qonuniy va adolatli ko‘rib chiqish, qarorlar qabul qilish jarayonida xolislik va shaffoflikni ta’minlash korrupsiyaning oldini olishda muhim omil ekani qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilarning savollariga batafsil javoblar berilib, qonun talablariga qat’iy rioya qilish, korrupsiyaviy holatlarga nisbatan befarq bo‘lmaslik hamda ularning oldini olishda faol ishtirok etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish — faqat davlat organlarining emas, balki jamiyatdagi har bir fuqaroning umumiy mas’uliyatidir.
F. Muzaffarov,
Jizzax tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi