“Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqasining tuman bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi
2026-04-21 18:30:00 / Yangiliklar

Do‘stlik tumanida yoshlarning jismoniy tayyorgarligi va vatanparvarlik ruhini mustahkamlashga qaratilgan “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqasining tuman bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Musobaqada tumandagi 12 ta mahalladan 18–22 yosh toifasidagi yoshlar jamoalari faol ishtirok etdi. Bellashuvlar ishtirokchilarning jismoniy chidamliligi, epchilligi hamda harbiy ko‘nikmalarini sinashga qaratilgan qator shartlar asosida o‘tkazildi.
Jumladan, musobaqa Nizomiga ko‘ra:
— o‘g‘il bolalar o‘rtasida turnikda tortilish;
— o‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish;
— qisqa masofaga yugurish (o‘g‘il bolalar — 200 metr, qizlar — 100 metr);
— uzoq masofaga yugurish (o‘g‘il bolalar — 2000 metr, qizlar — 800 metr);
— AK-74 (Kalashnikov avtomati)ni to‘liq va noto‘liq qismlarga ajratish hamda yig‘ish;
— merganlar bellashuvi (pnevmatik quroldan o‘q uzish) kabi sinovlar kiritildi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar o‘zlarining jismoniy imkoniyatlari bilan birga, intizom, tezkorlik va aniqlik kabi muhim sifatlarini namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
🥇 1-o‘rin — “Bunyodkor” mahallasi
🥈 2-o‘rin — “Saritepa” mahallasi
🥉 3-o‘rin — “Chinobod” mahallasi jamoalariga nasib etdi.
Gʻolib va sovrindorlar munosib taqdirlandi. Bunday musobaqalar yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb etish, ularni harbiy xizmatga tayyorlash va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.









