Toshkent viloyatida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti o‘tkazildi
2023-08-23 13:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 24 martdagi "Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-102-sonli qaroriga muvofiq, 1001 ta korxonadagi davlat aksiya paketlari va 1046 ta ko‘chmas mulk obyektlari ommaviy savdolarga chiqarilishi, shuningdek, 40 ta yirik korxona va banklardagi davlat ulushi barcha fuqarolar va investorlarga qatnashish imkoniyati taqdim etish maqsadida "bitta aksiya-bitta lot" tamoyili asosida "Xalq IPO" orqali taklif etilishi belgilangan.

Hududlarda mazkur qaror mazmun-mohiyatini tushintirish va targ‘ibot qilish ishlarini jadallashtirish maqsadida, joriy yilning 23 avgust kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Toshkent viloyatida xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlari jumladan, korxonalardagi davlat ulushlari, bo‘sh turgan davlat mulki obyektlari va sotilishi belgilangan yer uchastkalari to‘g‘risida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti o‘tkazildi.
Ushbu tadbirda 200 nafardan ziyod mahalliy hokimliklar hamda viloyatdagi yirik korxonalarning vakillari, tadbirkorlar va investorlar ishtirok etdi.
“Roadshow” taqdimoti Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Miraliyev, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sardor Jumayev hamda viloyat hokimi Zoir Mirzayev boshchiligida bo‘lib o‘tdi.

“Roadshow” ishtirokchilariga Davaktiv agentligi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2022 yil xususiylashtirish dasturlariga muvofiq jami 104 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilganligi, shundan 28 ta davlat aktivlari 94,8 mlrd.so‘m qiymatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilganligi maʼlum qilindi. Bundan tashqari, 2023 yil davomida tadbirkorlar va fuqarolar uchun 6 815 ta 424,5 gektar yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan bo‘lib, shundan 1597 ta 203,0 gektar yer uchastkalari 49,1 mlrd.so‘mga sotilishiga erishilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 24 martdagi PQ-102-sonli qaroriga muvofiq, ommaviy savdolarda sotilishi belgilangan Toshkent viloyatidagi jami 193 ta davlat va davlat ishtirokidagi xo‘jalik jamiyatlarining aktivlari, shundan 91 ta ko‘chmas mulk obyektlari yaqindan tanishtirildi.
Bundan tashqari, avvaldan doimiy foydalanish yoki umrbod egalik qilish huquqi asosida o‘zlariga tegishli bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirib olgan fuqarolarga mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderlari topshirildi hamda muzkur jarayon tartibi bo‘yicha tadbir qatnashchilariga tushuntirishlar berildi.
O‘z o‘rnida, Davaktiv agentligi mutasaddilari tomonidan qatnashchilarga “E-auksion” elektron savdo platformasidan foydalanish bo‘yicha “master-klass” o‘tkazilib, savdo platformasida shaxsiy kabinet ochish, onlayn elektron imzo olish va savdolarda qatnashish uchun arizalar berish tartiblari ham nazariy, ham amaliy tushuntirildi.

Ko‘tarinki ruhda va savol-javoblarga boy o‘tgan “Roadshow” davomida Davaktiv agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Miraliyev va viloyatning boshqa mutasaddi rahbarlari qatnashchilari va OAV vakillari tomonidan berilgan bir qator savollarga javoblar berib o‘tdilar.
Shu bilan birga, kunning ikkinchi yarmida OAV vakillari uchun Press-tur ham tashkil etilib, davlat aktivlarini sotib olgan tadbirkorlar tomonidan ushbu obyektlar negizida bajarilgan ishlar, shuningdek sotuvga chiqarilgan davlat aktivlari joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
