Namangan viloyatida tadbirkorlar va ishbilarmonlar uchun navbatdagi “Roadshow” taqdimoti oʻtkazildi
2025-05-31 23:00:00 / Yangiliklar

Davlat aktivlari agentligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan 2025-yil uchun xususiylashtirish dasturining mazmun-mohiyati va ahamiyatini tadbirkorlar va keng jamoatchilikka targʻib qilish maqsadida, bugungi kunga qadar respublikaning barcha hududlarida va bugun Namangan viloyatida xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlari, jumladan, korxonalardagi davlat ulushlari, boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va sotilishi belgilangan yer uchastkalari toʻgʻrisida “Roadshow” taqdimotlari oʻtkazildi.
Bugungi taqdimot Davlat aktivlari agentligi direktorining oʻrinbosari Alisher Miraliyev, Namangan viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Zuhriddin Baxriddinov, Agentlikning Namangan viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Bekzod Matmusayev va viloyat hududiy tashkilot rahbarlari va fuqarolik institutlari vakillari boshchiligida hamda 150 nafardan ziyod tadbirkorlar va investorlar, hududiy fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida boʻlib oʻtdi.
Tadbirni kirish qismida, 2025-yil uchun xususiylashtirish dasturi doirasida Namangan viloyatida ommaviy savdolarga chiqarilishi belgilangan 8 ta davlat va davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlarining ulushlari, 69 ta koʻchmas mulk obyektlari hamda 274,4 gektar yer maydonlari ishtirokchilarga taqdimot qilindi va yaqindan tanishtirildi.


A.Miraliyev soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish yuzasidan keskin islohotlar amalga oshirilganligini, xususan yuqorida qayd etilgan Farmonning tegishli ilovasi bilan xususiylashtirish va davlat mulkini ijaraga berish yoʻnalishlarida tadbirkorlar uchun bir qator imtiyozlar va qulayliklar tasdiqlab berilganligini taʼkidlab oʻtdi (imtiyozlar bilan tanishish uchun havola).
Oʻz oʻrnida, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 432-sonli qaroriga muvofiq, kichik sanoat zonalari hududida investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni toʻliq bajargan ishtirokchilarga berilgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini xususiylashtirish tartibi ishlab chiqilganligi hamda kichik sanoat zonalari direksiyasi orqali Davlat aktivlari agentligiga xususiylashtirish boʻyicha ariza yuborish yuzasidan tadbir ishtirokchilariga tushuntirish berildi.

Shu bilan birga, “Roadshow” ishtirokchilariga Davlat aktivlari agentligi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2024-yil davomida 102 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilganligi, savdoda turgan 73 ta davlat aktivlari 95,1 mlrd.soʻm qiymatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilganligi maʼlum qilindi. Bundan tashqari, tadbirkorlar va fuqarolar uchun 4375 ta 258,2 gektar yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan boʻlib, shundan 1525 ta 113,0 gektar yer uchastkalari 52 mlrd.soʻmga sotilishiga erishilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan 2025-yilning oʻtgan davrida yangi 42 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilgan boʻlib, savdoda turgan 25 ta davlat aktivlari 19,3 mlrd.soʻm qiymatga sotilishi taʼminlangan.
Shuningdek, tadbir davomida qatnashchilarga “E-auksion” elektron savdo platformasidan foydalanish, savdo platformasida shaxsiy kabinet ochish, onlayn elektron imzo olish va savdolarda qatnashish uchun arizalar berish tartiblari ham nazariy, ham amaliy tushuntirildi.

Koʻtarinki ruhda va savol-javoblarga boy oʻtgan tadbir yakunida qatnashchilar va OAV vakillari tomonidan berilgan bir qator savollarga tegishli javoblar berib oʻtildi.
Jumladan, Uchqoʻrgʻon tumanidan hokim yordamchisi auksion savdolari orqali davlat koʻchmas mulk obyekti boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olingan taqdirda, ushbu obyektni qachon garovga qoʻyish mumkinligi haqida savol berdi. Ushbu savolga, davlat mulkini xususiylashtirilishida boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilgan davlat aktivlari boʻyicha kamida 35 foiz miqdoridagi dastlabki toʻlovni biryoʻla amalga oshirgan xaridorlarga mazkur davlat aktivlarini kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyish huquqi berilishi tushuntirildi.
Shuningdek, Namangan shahri Davlatobod tumanidagi “Tekstil Pro Group” MCHJ rahbari 4 yildan buyon “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ijaraga olingan davlat koʻchmas mulk obyektidan foydalanib kelayotgani, ushbu hududda boʻsh turgan yer maydoniga qoʻshimcha qurilish qilib faoliyatini kengaytirish rejasi borligi hamda mazkur obyektni toʻgʻridan-toʻgʻri xususiylashtirish tartibi toʻgʻrisida savol berdi. Mutasaddilar tomonidan mazkur savolga tadbirkorlik subyektlari tomonidan “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ijara shartnomalari boʻyicha ijaraga olinganiga kamida besh yil boʻlgan davlat mulki obyektini kapital taʼmirlash, modernizatsiya qilish, tevarak-atrofini obodonlashtirish hamda bino va inshootlarni turli darajada yaxshilash boʻyicha ishlar amalga oshirilgan va ijara toʻlovlari oʻz vaqtida toʻlab kelingan taqdirda, ularga ushbu davlat mulki obyektining ijaraga olingan qismi baholangan qiymatda toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olish huquqi berilishi eslatildi.

