“O‘ZAGROINSPEKSIYA” TOMONIDAN 2026-YIL HOSILI UCHUN KUZGI BOSHOQLI DON EKINLARINING EKILISH ISHLARI NAZORATGA OLINDI
2025-09-26 17:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilda jami 947,2 ming gektar maydonlarga, shundan, 328 ming gektar yoki 34,6 foiz ochiq maydonga va 619 ming gektar yoki 65,4 foiz g‘o‘za qator oralariga kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish belgilangan.
Xususan, Respublika hududlarida, kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish uchun yer tayyorlash ishlarining borishi o‘rganilganda, bugungi kungacha jami 243,8 ming gektar yoki 25,7 foiz maydonda don ekish uchun yer tayyorlangan bo‘lib, bu ko‘rsatgich Qoraqalpog‘iston Respublikasida 28 foiz, Xorazmda 72 foiz, Buxoro va Toshkent viloyatlarida 33 foiz, Jizzax va Farg‘onada 27 foiz va Sirdaryoda 26 foizni tashkil qiladi.
Bugungi kunda kuzgi boshoqli don ekish ishlari 134,3 ming gektar yoki 14 foiz maydonda amalga oshirilgan bo‘lib, ekish ishlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida 26 foiz, Xorazmda 64 foiz, Buxoroda 19 foiz, Farg‘ona va Namanganda 16 foiz amalga oshirilgan bir paytda, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida bor yo‘g‘i 4-7 foiz ekilganligi ma’lum bo‘ldi. (Qishloq xo‘jaligi vazirligining ma’lumoti asosida).
Bu yilgi mavsumda don ekish ishlari uchun 189,4 ming tonna fosforli mineral o‘g‘itlar talab etilishi hisob-kitob qilingan.
Shuningdek, hududlarimizning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib va soha olimlari va tajribali mutaxassislarining tavsiyalariga ko‘ra, kuzgi boshoqli don ekinlari ekish ishlarini oktyabr oyining uchinchi o‘n ko‘nligigacha to‘liq yakunlashni taqozo qiladi.
Bu borada “O‘zagroinspeksiya” tomonidan, joylardagi mahalliy hokimliklar va sohaga mas’ul rahbarlarga 36 ta taqdimnoma, fermer xo‘jaliklariga 470 ta yozma ko‘rsatma hamda 6 638 ta ogohlantirishlar berildi.
“O‘zagroinspeksiya” tomonidan 2026-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish jarayonlari ustidan nazorat ishlari mavsum davomida davom ettiriladi. Maqsad – ekish ishlarining sifatli va belgilangan muddatlarda yakunlanishini ta’minlash.
Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish bo‘limi


