TAKRORIY EKIN QO‘SHIMCHA DAROMAD KELTIRADI
2025-07-08 09:25:00 / Yangiliklar

Xususan,O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy kartoshka yetishtirishni ko‘paytirish va urug‘chilik bazasini yanada mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida bugun “BO‘STONLIQ KARTOSHKACHILIK MARKAZI” MCHJga qarashli yer maydonlarida kechki kartoshka ekish bo‘yicha amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda Toshkent viloyatida g‘alladan bo‘shagan yer maydonlariga jami 20 000 gektar kechki kartoshka ekish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu rejadan Bo‘stonliq tumani hissasiga 1000 gektar yer maydoni to‘g‘ri keldi. Tadbirda Viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Xurshid Qoraboyov, Bo‘stonliq tumani hokimi Jo‘rabek Axmedov hamda Inspeksiyaning tuman bo‘lim boshlig‘i M.Mirzakarimovlar hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari qatnashib, yer maydonlarida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar.
Amaliy seminar davomida fermerlarga kechki kartoshka yetishtirishda samaradorlikni oshirish, agrotexnika qoidalariga qat’iy amal qilish, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shuningdek, ekish mavsumi davomida klaster va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga mahalliy va xorijiy urug‘lik kartoshkalarni belgilangan muddatlarda yetkazib berilishi hamda ekilishi, urug‘lik kartoshka saqlanayotgan omborxonalarda urug‘liklarni belgilangan Davlat standartlari talablariga rioya qilingan holda saqlanishi “О‘zagroinspeksiya” tomonidan nazorat qilib boriladi.
B.Riqsiboyev
Inspeksiyaning Bo‘stonliq tuman bo‘limi bosh mutaxassisi




