YUQORI SIFATLI URUG‘ — MO‘L HOSIL GAROVI
2026-02-09 13:40:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda mamlakatimizda urug‘chilik tizimini takomillashtirish, yuqori reproduksiyali urug‘lik chigit yetishtirish va uni ekishga tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urug‘lik chigitni tayyorlash jarayoni bir necha muhim bosqichlarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, daladan terib olingan paxta xomashyosi maxsus korxonalarda qayta ishlanib, tozalash, saralash va dorilash jarayonlaridan o‘tkaziladi.
Urug‘lik chigitning sifat ko‘rsatkichlari — unuvchanligi, tozaligi, namligi hamda kasallik va zararkunandalardan xoli bo‘lishi qat’iy nazorat qilinadi. Ayniqsa, urug‘lik materialining davlat standartlari va belgilangan agrotexnik talablariga to‘liq javob berishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, urug‘lik tayyorlash jarayonida laboratoriya tahlillari va sinov ishlari muntazam olib boriladi.
Sifatli urug‘lik chigitdan foydalanish natijasida dalalarda nihollarning bir maromda unib chiqishi, o‘simliklarning sog‘lom rivojlanishi hamda hosildorlikning sezilarli darajada oshishi ta’minlanadi. Bu esa, o‘z navbatida, fermer xo‘jaliklari daromadining ortishiga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmining ko‘payishiga xizmat qiladi.
Shu maqsadda, 2026-yil hosili uchun 957 tonna urug‘lik chigitning tayyorlanishi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Jizzax viloyati boshqarmasi qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish sho‘basi tomonidan doimiy nazorat qilib borilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, urug‘lik chigitni sifatli tayyorlash — mo‘l hosil, barqaror iqtisodiyot va oziq-ovqat xavfsizligining mustahkam poydevoridir. Zero, yuqori sifatli urug‘ — mo‘l hosil garovi hisoblanadi.
O‘rol Qarshiboyev,
O'zagroinspeksiyaning Jizzax viloyati boshqarmasi sho‘ba boshlig‘i




